YETUKLIK - ILMU HUNAR, MUNOSIB KASB-KORDA

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida yosh avlodni har jihatdan yetuk va barkamol ulg‘aytirish orqali istiqbolga munosib xiz­mat qilgan holda jamiyatda munosib o‘rin topishlariga erishish maqsadi mujassam.
Prezidentimiz tashabbusi bilan maktab ta’limi 11 yillik tarzda yo‘lga qo‘yilgani hamda o‘quvchi-yoshlarning fanlarni mukammal o‘rganishlari barobarida o‘zlari qiziqqan kasb-hunar va yo‘nalishlar bo‘yicha yetarli bilim va malakaga ega bo‘lishlari uchun xalq ta’limi tizimlarida o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgani ana shu islohotlar yo‘lidagi muhim qadamlardan bo‘ldi.
Yangi davr odimlariga hamohang bugun viloyatimizda 103 ta o‘quv ishlab chiqarish majmualari faoliyat olib bormoqda. Ularning 94 tasi kasb-hunar kollejlari bazasida, 9 tasi esa oraliq masofasi 10 kilometrdan uzoq bo‘lgan umumta’lim maktablarida yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur maj­mualarga viloyatimizdagi 633 ta umumta’lim maktabidan qamrab olingan 60728 nafar 10- va 11-sinf o‘quvchilariga 515 nafar sohada ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan pedagoglar va mahoratli murabbiylar, o‘quv-ishlab chiqarish ustalari saboq bermoqdalar.
O‘quv jarayonlari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan o‘quv dasturlari asosida olib borilmoqda.
Ahamiyatlisi shundaki, o‘quvchilarni yo‘nalishlarga ­qamrab olishda ulardagi kasb-korga bo‘lgan havas, qiziqish va intilish alohida e’tiborga olingan. Ular milliy taomlar oshpazi, nonvoylik, qandolatchilik, tikuvchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, do‘ppido‘zlik, gilam to‘qish, shuningdek, hisobchilik, kompyuter operatori, kompyuter va dasturiy ta’minot, yana chilangarlik, tokarlik, shinomontaj, haydovchilik, avtomobillarni ta’mirlash texnigi, pardozlovchi, duradgor, naqqosh kabi jami 51 ta kasb-hunar yo‘nalishlarini qunt bilan o‘rganmoqdalar.
O‘quv ishlab chiqarish majmualari faoliyati malaka, mahorat va zamonaviylik uyg‘unligida takomillashtirib borilmoqda.
Viloyat miqyosida tashkil etilayotgan seminarlar, tanlov va ko‘rgazmalar ishlab-chiqarish ustalari, ustoz-murabbiylarning malaka va mahoratini yuksaltirish barobarida yoshlarning kelajak sari kasb-hunarlarni mukammal egal­lagan holda odimlashlarida katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Zaynobiddin KIYIKOV,
viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘quv ishlab chiqarish majmualari faoliyatini tashkil etish va
metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i