KITOB-OFTOB

Kitob dunyodagi jamiki ne’matlar orasida eng ardoqli va azizi hisoblanadi. Unda olam-olam bilim, hayot saboqlari, bir-birini takrorlamaydigan sarguzashtlar har bir kitobxonni maftun etishi, shubhasiz. Namangan shahridagi 58-DIUMning 3-“B” sinf o‘quvchilari orasida ham kitob va kitobxonlikka oshno o‘quvchilar bir talay. Shuningdek, sinfda kitob almashlab o‘qish an’ana tusiga kirgan. Kuni kecha ana shu kitobsevar o‘quvchilar ishtirokida “Boshimda oftob - qo‘limda kitob” mavzuida kitobxonlik kechasi tashkil etildi. Unda og‘il-qizlar o‘zlari yod olgan she’rlari, qo‘shiqlari hamda maqollarni aytib berdilar. “Kitobning do‘stligi” mavzuidagi sahna ko‘rinishi ham o‘quv­chilarda ijobiy taassurot qoldirdi. Tadbir so‘nggida ota-onalar o‘z farzandlariga kitoblar taqdim etdilar.

Nigora BEKMURODOVA,
Namangan shahridagi 58-DIUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi