“KELAJAK SARI INNOVATSION TEXNOLOGIYALAR BILAN”

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilari, “Barkamol avlod” bolalar markazlarida avtomodel, avia-raketa model, robototexnika, kemasozlik, informatika va kompyuter texnologiyalari kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishlar sir-asrorlarini o‘rganib, malaka va mahorat bobida toblanayotgan iqtidorlar, bo‘lajak ixtirochilar o‘rtasida “Kelajak sari innovatsion texnologiyalar bilan!” shiori ostida festival-tanlov o‘tkazildi.
Tanlovning dastlabki saralash bosqichlarida Namangan shahri va viloyatning barcha tumanlaridan 500 nafardan ziyod o‘quvchilar ishtirok etgan bo‘lsa, finalda esa ular orasidan saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 182 nafar o‘quvchilar texnik ishlanmalar, ya’ni avtomodel, avia-raketa model, kemasozlik va robototexnika hamda infomatika va kom­pyuter texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashdilar.
Ular taqdim etgan ishlanmalar va ijodiy ishlar viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, investitsiyaviy muhit va imkoniyatlar bilan yaqindan tani­shish maqsadida Namanganga kelgan hindistonlik tadbirkor-ishbilarmonlar, investorlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni yangi tashabbuslar, loyihalar sari ruhlantirish, bilim va kasb sirlarini egallashlarida ustoz-muallimlarning bilim va tajribasi, malaka va mahorati katta ahamiyatga ega. Demakki, bugungi davr o‘qituvchisi ham yangilanishlarga hamohang yangicha tashabbuslar bilan izlanmog‘i darkor. Ustoz-muallimlarni faollik va tashabbuskorlikka chorlash, yoshlarga innovatsion bilimlarni mukammal o‘rgatish uchun o‘qituvchi ham tashabbuskor bo‘lmog‘i kerak. Shundan kelib chiqib, tanlov o‘qituvchilar ishtirokini ham qamrab oldi. Unda o‘qituvchilar marketing, ilmiy-texnik ishlanmalar, axborot kommunikatsiya texnologiya­lari yo‘nalishlaridagi izlanishlari mahsuli bo‘lgan ishlanmalari, loyihalari bilan ishtirok etdilar.
O‘qituvchilarning izlanishlari dars jarayonida o‘qituvchilar faolligini AKT (axborot kommunikatsion texnologiyalar) orqali oshirish, innovatsion baholash uslublari sifatida “Plickers” dasturini keng qo‘llash, multimedia vositalaridan foydalanishning samaradorligini targ‘ib qilsa, o‘quvchilarni tashabbusga undagan har bir ixtiro va kashfiyot zamonaviy, ahamiyatli va hatto amalda o‘zini oqlab, samara bera boshlagani bilan ahamiyatli. “Aqlli tovuqxona”, “Ko‘rkam shaharcha”, “Ozoda hudud”, “Sayoxatchi mikroavtobus”, bir necha o‘nlab avto, avia-raketa modellar, informatika va kompyu­ter texnologiyalari bo‘yicha bir-biridan ahamiyatli dasturlar, veb-saytlar shundan dalolat.
G‘oliblik va faxrli o‘rinlar ishtirokchilar orasidan eng munosiblarga nasib etdi. Shuningdek, faolligi, tashabbuskorligi bilan yakuniy bosqichgacha yetib kelgan o‘qituvchilar ham yo‘na­lishlar bo‘yicha taqdirlandilar.
Festival-tanlovda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘quvchilar va o‘qituvchilarning ijodiy ishlari, ixtirolari va izlanishlari natijasi bo‘lgan ishlanmalar bilan yaqindan tanishib, ularning sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Taqdirlash marosimi ko‘tarinkilik va tantanavor tus oldi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alarini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov topshirdi.
Rag‘bat, e’tibor, e’tirof iste’dodlarga qanot bag‘ishlab, yangi tashabbuslar sari chorlaydi. Tanlovning maqsadi ham ertangi kunimiz egalarini zamonaviy fikrlaydigan, yangilikka intiluvchan, bilimli-ma’rifatli qilib ulg‘aytirish, bir so‘z bilan aytganda, “KELAJAK SARI INNOVATSION TEXNOLOGIYALAR BILAN” odimlashga undashga qaratilgan edi.

Mardonbek ESONBOYEV