AYOL, ONA, MUALLIMA

Shoira opa Fayziyeva ana shunday sharafga loyiq ustoz­lardan. Yigirma yetti yildirki, ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan muallima yuzlab o‘quvchilarga birinchi o‘qituv­chisi sifatida harf o‘rgatib, ilm-ma’rifatga oshno etganlar. Hozirda ular ko‘plab sohalarda el-yurt ravnaqi yo‘lida faoliyat olib bormoqdalar.
Oradan o‘n yillar o‘tgan bo‘lsa-da, ularning qalbida bi­rinchi o‘qituvchilarining o‘giti aks-sado berib turadi: “Halollik, poklik, izlanish va intilish hayo­tingiz mezoni bo‘lsin! Faqat va faqat yaxshilik qilishni, aziz Vatanga, xalqqa naf keltirishni muqaddas deb biling!”
Qariyb 17 yildirki, Namangan shahridagi eng nufuzli ilm maskanlaridan biri bo‘lgan 7-umumta’lim maktabida yoshlarga boshlang‘ich ta’lim saboq­larini be­ra­­yotgan muallimaning shogirdlariga o‘rgatgan o‘giti o‘zi uchun ham hayot dasturiga aylangan. Farzandlarini el koriga kamarbasta qilib ulg‘aytirdi, qator o‘quv­chilari bugun o‘zi bilan bir safda yosh avlod kamoli yo‘lida faoliyat olib bormoqdalar.
- Ona uchun, muallima uchun bundan ortiq baxt, iqbol, saodat bo‘lmaydi, - deydi Shoira opa Fayziyeva. - Zotan, yaxshilik qilish, ezgulik ula­shish, insonni e’zozga sazovor etadi.
Kelajak bog‘boni sifatida butun hayoti va faoliyatini, qalb qo‘rini farzandlarimizni ozod yurt ertasiga munosib o‘g‘il-qiz­larni tarbiyalashga bag‘ishlab kelayotgan Shoira opa Fayziyevani, uning timsolida ta’lim sohasida xizmat qilayotgan barcha muallima onaxonlarimiz, opa-singillarni bayram bilan tabriklaymiz.
Hamisha omonlikda umrimiz nuri, hayotimiz chirog‘i sifatida olamni munavvar etib yuring, aziz ustozlar!

Isroil YUSUPOV