Bayramona tuhfa

Uychi tumanidagi 30-umumta’lim maktabida quvnoq, bilimli, kitobsevar va sportga ishtiyoqmand opa-singillar tahsil olishadi. Gulmira Bozorova mazkur maktabning 4-sinfida Mohinur Bozorova esa 3-sinfda tahsil oladilar. Sportning DAFKUNDO hamda KICKBOXING turlari bilan shug‘ullanadigan opa-singillar bir yil ichida munosib natijalarni qo‘lga kiritdilar. Xususan, 2018-yilda Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda faol ishtirok etdilar. Quvonarlisi, Gulmira mazkur turnirda 48 kg. vazn toifasida Mohinur esa 30 kg. vazn toifasida 5 ta davlatdan kelgan 700 dan ziyod ishtirokchi ichida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. Bir vaqtning o‘zida ham sport, barcha fanlarni puxta o‘zlashtirish, uy yumushlaridan ham ortib, ingliz tilini mukammal o‘zlashtirishni uddalayotgan jajji qizaloqlarning ota-onalari bugun har qachongidan ko‘proq xursand. Boisi qahramonlarimiz joriy yilning iyun oyida Tailandda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida g‘oliblik uchun bahs olib boradilar. Hozirdanoq bir maqsad yo‘lida tinimsiz izlanayotgan, shug‘ullanayotgan Gulmira va Mohinur Bozorovalar kelajakda birgalikda, ya’ni harbiy sohada faoliyat ko‘rsatmoqchilar. Ularning ezgu niyatlariga erishishlarida baland parvozlar tilaymiz.

Maftuna REJABBOYEVA