KITOB SHAYDOLARI

Kitob - insonning ma’naviy do‘sti.
Demak, o‘quvchilarni badiiy asarlarni do‘st tutishga chorlash, mutolaaga qiziqtirish har bir muallimning muhim vazifasi sanaladi.
Buning uchun esa, darslarning ma’naviyat daqiqalarida “Bu asarni o‘qidingizmi?” rukni ostida, avvalo, o‘qituvchi va o‘quvchilarga biron-bir asarning qisqacha mazmuni, g‘oyasi haqida ma’lumot berib, ­uning eng qiziqarli, eng ta’sirli joyiga kelgach, davomini asarni o‘qigandan keyin bilib olish mumkinligini aytib, mutolaaga chorlash yaxshi samara beradi.
Maktab kutubxonasidan tashqari sinfda mo‘jazgina javondan iborat sinf kutubxonasining bo‘lishi ham o‘quvchilarni kitobga qiziqishlarini kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu kitob javonining har bir qavatiga alohida nom beramiz. Masalan, “Mumtoz adabiyotlar”, “She’riy asarlar”, “Ertaklar olamida”, “Ma’naviy saboqlar”, “Detektiv asarlar”, “Roman namunalari” kabi. Bu o‘quvchilarni o‘zlari qiziqqan janrdagi asarlarga murojaat qilibgina qolmasdan, balki kutubxona fondini boyitishga hissa qo‘shishga undaydi.
Bizning sinfimizda shunday ezgu an’analar doimiylik kasb etgan. Har chorak yakunida “Kim ko‘p kitob o‘qidi?”, “Mening sevimli qahramonim”, “Menga yoqqan she’r”, “Eng she’rxon o‘quvchi” kabi mavzularda davra suhbati, bellashuvlar o‘tkazyapmiz. Ayni paytgacha 5-sinf o‘quvchilari Sarvinoz Sodiqova, Mubina Maqsudova, 6-sinf o‘quv­chilari Muhammadali Po‘latov, Xayrulla Yo‘ldashev, Oyxon Rahmatova yigirmadan ortiq kitob o‘qib, shunday bellashuvlarda g‘oliblikni qo‘ldan bermay kelmoqdalar.

Mohira MAMATOVA,
Namangan shahridagi 31-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi