BOQIY BAYRAM TAROVATI

Ozod va obod yurtimizga bahoriy ko‘rku tarovat bag‘ishlab, borliqni yashnatib, yaratuvchanlik va bunyodkorliklarga qanot bo‘lib kelgan Navro‘zi olam shodiyonalari viloyatimiz xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli barcha muassasalarda - umumta’lim maktablari hamda maktabdan tashqari ilm maskanlarida ham katta tantanalar va shodu xurramlik bilan keng nishonlandi.
Go‘zallik, latofat va nafosat fasli bahorning ilk kunlaridan umumta’lim maktablarida qadimiy va navqiron ay­yomni munosib kutib olish maqsadida boshlangan bunyodkorlik ishlari Yangi kun shodi­yonalariga ulanib ketdi.
Bayramga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlarda qadim qadriyatlarimiz, milliy urf odatlarimiz tarannum etildi. Milliy o‘yinlar, sport musobaqalari, “Varraklar sayli”, “Kim epchilu kim chaq­qon” kabi bellashuvlar o‘g‘il-qiz­larni bahslarga chorladi.
Ma’naviyat soatlari, adabiy kechalarda o‘quvchilar bahor, go‘zallik, ona yurtni sevib-ardoqlash, unga munosib kamol topishni tarannum etishgan bo‘lsa, shoir va yozuvchilar, ijod va ma’naviyat ahli bilan uchrashuvlar, viloyatning diqqatga sazovor joylariga uyushtirilgan sayohatlar ularga bir olam taassurotlar bag‘ishladi.
Navro‘zi olam shodiyonalari munosabati bilan gullar shahrining betakror va maftunkor go‘shasi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘idagi bayram tantanalari, ayniqsa, har qachongidan unutilmas va zavqli onlarga boy bo‘ldi. Bayramona bezangan istirohat bog‘i nafaqat namanganliklarni, balki yurtimizning barcha viloyatlaridan kelgan hamyurtlarimiz hamda ko‘plab xorijlik sayyohlarni Namanganda keng miqyosda o‘tkazilayotgan II xalqaro turizm va milliy qadriyatlar festivaliga chorladi. O‘tgan yili ushbu muazzam maskanda katta doshqozonda 5 tonnalik sumalak pishirilgan bo‘lsa, bu galgi Navro‘zi olam kunlarida 6 tonnadan ziyod bahorning shoh taomi pishirilib, sayl ishtirokchilari, yurtimizning barcha go‘shalariyu, ko‘plab xorijiy mamlakatlardan kelgan mehmonlarga, mahallalar ahli va jamoatchilik vakillariga tor­tildi.
Poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlar, ijodkorlarning ishtiroki bilan xalq sayli va Navro‘zi olam shodiyonalari yanada ko‘tarinkilik va tantanavorlik kasb etdi.
Istirohat bog‘idagi xalq sayllari va bayram tantanalarida viloyatimizdagi umumta’lim maktablari jamoalari ustoz-muallimlari ham faol ishtirok etdilar. “Barkamol avlod” bolalar markaz­lari, umumta’lim maktablaridagi fan va kasb-hunar to‘garaklarida mahorat va iqtidor bobida toblanayotgan o‘g‘il qizlar yaratgan innovatsion ixtirolar, ularning ijodiy ishlari va qo‘l mehnati namunalari, viloyat axborot-resurs markazi tomonidan tashkil etilgan kitob­lar ko‘rgazmasi barchaning havas va hayratini oshirdi.
Kelajagimiz egalari bo‘lgan is­te’dodli o‘quvchi-yoshlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar, bir-biridan betakror sahna ko‘rinishlari sayl ishtirokchilariga bahoriy ko‘tarinkilik va olam­-olam quvonchu shodliklar ulashdi.

Mardonbek ESONBOYEV