AXSIKENTGA SAYOHAT

Prezidentimiz 28 fevral - 1 mart kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida ko‘hna va qadimiy tariximiz, ajdodlarimizning shavkatli o‘tmishi va beqiyos bunyodkorlik salohiyatini o‘zida mujassam etgan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsikent yodgorligida ham bo‘lib, mazkur go‘shani butun dunyo ahli havas va hayratiga sazovor turistik maskanga aylantirish masalalariga alohida to‘xtalgan edi. Davlatimiz rahbari tashrif chog‘ida Axsikentni Farg‘ona vodiysining sivilizatsiya markazi bo‘lganligini e’tirof etish asnosida yosh avlodni Vatanga muhabbat, ona yurtga sadoqat ruhida kamol toptirishda bunday obidalarga muntazam sayohatlarini uyushtirish, kelajagimiz egalarining boy va qadimiy tariximiz haqidagi bilimlarini boyitishda yuksak ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlagan edi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan “Buyuk tarixdan - buyuk kelajak sari” shiori ostida viloyatimizdagi barcha umumta’lim maktablari o‘quv­chilarning Axsikentga sayohatlari uyushtirilmoqda.
Bunday sayohatlar muntazamlik kasb etish barobarida o‘quvchilarda katta taassurotlar qoldirayotgani diqqatga sazovor.
Qadim qadriyatlar bayrami - Navro‘zi olam arafasida buyuk tariximiz ko‘zgusi, ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof etilayotgan qadimiy Axsikentga sayohatlar yanada keng quloch yozdi. To‘raqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlaridagi umumta’lim maktablarining 500 nafarga yaqin o‘quvchilari ustoz-muallimlar hamda keng jamoatchilik vakillari hamkorligida muazzam maskanga sayohat qildilar.
Qadimiy Axsikent bilan yaqindan tanishuv, ajdodlarimizning bunyodkorlik borasidagi yuksak salohiyati ifodasi bo‘lgan bu yerdagi yer osti suv inshooti o‘g‘il-qizlarda katta taassurot qoldirdi.
“Axsikent” turizm maskani direksiyasi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Tohirjon Qozoqovning 1000 yilliklarni o‘zida mujassam etgan tarixiy obidalar, suv inshooti, Axsikent yodgorligi haqidagi ilmiy manbalarga asoslangan ma’lumotlari o‘quvchilarning tariximiz borasidagi bilimlarini yanada boyitdi.
Olamga bahor ko‘rku tarovatini yoyib, butun borliq Navro‘z shukuhiga burkangan kezlarda Axsikent barcha sohalar vakillari, qo‘shni Andijonu Farg‘ona, hatto yurtimizning barcha hududlaridan kelayotgan mehmonlar bilan tobora gavjum maskanga aylanib bormoqda.

Isroil YUSUPOV