HAR KUNING BO‘LSIN NAVRO‘Z!

Bugun maktabimizda katta shodiyona. Barcha sinflar o‘zlari uchun ajratilgan yo‘laklarni bayramona gullar bilan milliy qadriyatlarga uyg‘un bezatganlar. Kimdir bayram dasturida she’r aytmoqchi, yana kimdir dilrabo raqs tayyorlab kelgan. Ta’lim maskanimizning 5 - 11-sinflarini qamrab olgan mazkur tadbir qalblari­mizga quvonch bag‘ishladi. Boisi tadbirda o‘ziga xos bellashuv ham tashkil etganmiz. Unga ko‘ra eng ko‘p milliy taom pishirgan sinf namunali deb topilib, taqdirlanadi
Ana karnay-surnay sadolari ostida davraga Navro‘zoy ham kirib keldi. Ko‘zlar­dagi quvonch eng ezgu tilaklarga namoyon bo‘lmoqda. Bir tomonda yigitlarning xalq o‘yinlari, yana bir tomonda esa o‘sma qo‘yib tolpopuk taqqan qizlarning quvonchiga guvoh bo‘lasiz. Yuqorida aytganimiz milliy taomlar bahsi ham avjiga chiqqan. 9-“J” sinf o‘quvchilari jami 75 xildagi bahoriy taomlar tayyorlab kelib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, 5- hamda 9-“G” sinf jamoalari 2 - va 3-o‘rinlarni band etdilar. Dilbar tarona og‘ushida barcha birdek bayram shukuhini tuydi.

Mahliyo RAHIMJONOVA,
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 48-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi