Milliylikka hamohang tantana

Bahor keldi deguncha borliq tarovatidan ilhomim jo‘sh uradi. Bodom va o‘rik novdalarini bezab turgan oq, pushti bodroqlarning muattar bo‘ylari dimog‘imga quvonch iforini olib keladi. Yam-yashil maysalar bag‘rida mittigina bo‘lib men bilan salomlashayotgan boychechak bilan uzoq-uzoq suhbatlashaman. Ko‘nglim kechinmalarini oq qog‘ozga tushirar ekanman, qushlarning qo‘shiqlariga mavzu topilgandek tuyuladi nazarimda.
Ko‘klam bizning ilm maskanimizga ham ulkan shodliklar bilan keladi har gal. Bilim olishga intilib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan tengdoshlarimiz, opa-ukalarimizni ko‘rib, zavqlanasan kishi. Ayniqsa, bayram kunlari hamma jamul-jam bo‘ladi. Kuni kecha ilm maskanimiz ana shunday tantanalardan biriga guvoh bo‘ldi. 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilari ishtirokidagi “Assalom, Navro‘z!” shiori ostida o‘tkazilgan shodiyonada bahor madhidagi she’rlar, ko‘klam nafasini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, dilbar raqslar ijro etildi. Eng qiziqarlisi, “Shugina”, “Oq terakmi-ko‘k terak” kabi xalq o‘yinlari o‘quvchilarga bir olam zavq ulashdi. Geografiya fani o‘qituvchisi Umida Najmiddinova tashab­busi bilan o‘tkazilgan tadbirda Dilshod Alisherov, Farrux Qodiraliyev, Muyassar Latipjonova, Nasiba Sobit­xonova, Barno Sadriddinova, Gulbahor Po‘latova kabi tengdoshlari­miz faollikni qo‘ldan bermadilar. “Bahoroy va dehqon bobo suhbati” tomoshabinlarga bahoriy kayfiyat bag‘ishladi.

Hilola HOSHIMOVA,
Uychi tumanidagi 3-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi