SOHIBQIRON SALTANATI SHAVKATI

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligi buyuk tariximizga hurmat, ajdodlarimizning shonli va shavkatli o‘tmishiga ehtirom ifodasi sifatida butun yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridagi ilm maskanlari hamda maktabdan tashqari muassasalarda ham sana munosabati bilan adabiy-badiiy kechalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Barcha umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan seminar va ochiq darslar o‘quvchilarning buyuk sar­karda, davlat va jamoat arbobi Amir Temur tarixi, ulug‘ bobokalonimiz asos solgan qudratli temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va san’at ravnaqi borasidagi bilimlarini boyitdi.
Bizning ilm maskanimizda ham buyuk Sohibqiron bobomiz tavallud sanasiga bag‘ishlab “Amir Temur farzandlarimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tarix fani o‘qituvchilarimiz ochiq darslarda temuriy­lar tarixi borasida ko‘plab ma’lumotlar berishdi. Xu­susan, tajribali o‘qituvchimiz Jaloliddin Akramovning zamonaviy usullar va innovatsion texnologiyalar asosida o‘tgan darsi bizda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirga munosib tayyorgarlik ko‘rgan tengdoshlarimiz Amir Temurning sharafli hayoti va faoliyati, saltanatni boshqarish borasidagi beqiyos salohiyati aks etgan sahna ko‘rinishlari, Temur tuzuklaridan parchalar, buyuk bobomizni ulug‘lovchi she’rlar ijro etishdi. Marjona Rahimjonova, Adolat Jo‘raboyeva, Mohinur Mahmudjonova, Tursunoy Usmonjonova singari iqtidorli o‘quvchilarning chiqishlari, ayniqsa, olqishlar bilan qarshi olindi.
Sohibqiron tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar biz yoshlarning boy o‘tmishimiz va ajdodlarimizga bo‘lgan g‘ururimizni yanada yuksaltirdi.

Madina ABDUVAHOBOVA,
Kosonsoy tumanidagi 32-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi