Kitobga chorlov - ezgulikka chorlovdir

Prezidentimiz tomonidan yosh avlodni ilmu ma’rifatga, kitobga oshno ulg‘aytirishga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari viloyati­mizga tashrifi chog‘ida “Namanganni eng kitob­xon viloyatga aylantiramiz”, degan ezgu da’vatni ilgari surgan bo‘lsa, shu yilning 19-mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlikni rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Prezidentimiz tashabbusi bilan butun yurtimizda bo‘lganidek, viloyatimizda ham ezgulik yo‘lidagi sa’y-harakatlar keng quloch yozmoqda.
Viloyat hokimi, hokim o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari boshlab bergan tashabbus turli davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari tomonidan davom ettirilmoqda. Ular sovg‘a qilgan kitoblar o‘zlari ta’lim olgan maktablar kutubxonasini bo­yitmoqda. Shuning barobarida ustozlar-o‘quvchilar davrasida bo‘lib, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazmoqdalar. Bunday o‘ziga xos uchrashuvlar esa, ilm maskanlari jamoasiga, ayniqsa, o‘quvchilarga olam-olam quvonchlar ulashmoqda.
Ma’rifat dargohi, ma’naviyat maskani bo‘lgan xalq ta’limi sohasi rahbarlari ham xayrli tashabbusda faol ishtirok etmoqdalar.
Jumladan, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Vahobjon Rajapov o‘zi o‘qigan Pop tumanidagi 16-umumta’lim maktabiga 165 dona jahon va o‘zbek adabiyotining nodir namunalari bo‘lgan durdona asarlarni tuhfa etgan bo‘lsa, Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Ziyoviddin Jamalov Namangan shahridagi 23- hamda 31-umumta’lim maktablariga, Uchqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bobur Zayniyev tumandagi 1-umumta’lim maktabiga, Chortoq tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shohista Turg‘unova tumandagi 53-DIUMga kitoblar sovg‘a qildilar.
Bir so‘z bilan aytganda, barcha shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limi mudirlari kitobga chorlov borasida tashabbus va faollik ko‘rsatmoqdalar.
Kitobga chorlov, ma’naviyat, ma’rifatga chorlov tobora keng quloch yozmoqda.

Mardonbek ESONBOYEV