“TA’LIMDA INNOVATSIYA”

Viloyatimizda "Innovative Education Summit 2019" - "Ta'limda innovatsiya" deb nomlangan ikki kunlik Respublika sammiti bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizning barcha viloyatlarida faoliyat olib borayotgan eng bilimli, eng iqtidorli, faol va tashabbuskor ingliz tili fani muallimlari, professor-o‘qituvchilar kasbiy mahoratni oshirish, darsni samarali tashkil etish, motivatsiya va o‘quvchilarning psixologiyasi, darsdan tashqari mashg‘ulotlar hamda ingliz tilini boshqa fanlar bilan integratsiyasi yo‘na­lishlarida seminar, davra suhbati, taqdimot, sog‘lom bahs-munozaralar olib bordilar.
Axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda tashkil etilgan sammit ishini bir vaqtning o‘zida viloyatimizning To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq, Uchqo‘rg‘on, Pop, Chortoq tumanlari hamda viloyat pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish hudu­diy markazida ham bir necha yuzlab ustoz-muallimlar, soha vakillari ham onlayn tarzda kuzatib bordilar. Sammit jarayonida Janubiy Koreya hamda Hindistonning nufuzli o‘quv muassasalari bilan ham teleko‘prik o‘rnatildi.Mazkur ikki mamlakatdagi ustoz-muallimlar, umuman olganda, jami 2000 nafardan ziyod ta’lim sohasi vakillari, kuzatuvchilar fikr-tajriba, muloqot almashuv jarayonlarida bevosita ishtirok etdilar.
Sammit jarayonda mamlakatimizning barcha hududlaridagi eng mohir ingliz tili o‘qituvchilari ishlab chiqian loyihalar viloyatimizdagi umumta’lim maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazilgach, ularni mamlakat miqyosida xalq ta’limi tizimida keng ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Anjuman qatnashchilari viloyatimizning diqqatga sazovor joylari, xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan Ishoqxon Ibrat nomidagi maktab hamda qadimiy Axsikent yodgorlik maj­muasida bo‘ldilar.
- Qizg‘in jarayonlar bilan o‘tgan sammitda biz mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan hamkasblarimiz, sohada katta tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan ingliz tili fani o‘qituvchilari bilan guruhlarda mashg‘ulotlar olib bordik, - deydi sammit ishtirokchisi, Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi19-umumta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Dilshod Tog‘aymurodov. - Amaliy mashg‘ulotlar, mahorat darslari va treninglarda qatnashdik. Har bir guruh tomonidan ingliz tilini o‘qitishni yanada yaxshilashga xizmat qiladigan ilg‘or usullar va texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan loyihalar yaratildi.
Mashg‘ulotlar jarayonida orttirilgan boy tajriba­lar ustoz-muallimlarni yanada yangicha usullar va texnologiyalar bilan samarali faoliyat olib bo­rishga undaydi. Bu esa, kelajagimiz egalari kamolida o‘z mevasini beradi.

Muhammadjon Nasriddinov,
VXTBning chet tillar fani uslubchisi