ENG BEBAHO SOVG‘A

Mamlakatimiz bo‘ylab kitob mutolaasi va kitobxonlikka chorlov keng quloch yozayotgan damlarda ezgu tashabbusga hamohang xayrli tadbirlar, adabiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.
2 aprel - Xalqaro bolalar kitob­lari kuni munosabati bilan viloyat axborot resurs markazi tashabbuskorligida tashkil etilgan tadbir yuzlab kitobxonlar va mutolaa ixlosmandlarini ziyo maskaniga chorladi.
“Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasidagi tadbirlar adabiy-badiiy kecha, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, bayramona dasturlarga ulanib ketdi.
Talaba-yoshlar, ota-onalar, o‘quv­chilar, hattoki jajji kichkintoy kitob ixlosmandlari kitoblar ko‘rgazmasidan bahramand bo‘ldilar. Ahamiyatlisi, tadbirga kelgan ota-onalarning har biri o‘g‘il-qizlariga jahon va o‘zbek adabiyo­tining durdona asarlarini sovg‘a qilishdi. Bundan ziyoga oshno yoshlar qalbi bir olam quvonchga to‘ldi.
Adabiyot bayrami, kitob bayrami, ma’naviyat shodiyonasi tarzida o‘tgan tantanada Namangan shahridagi 1-, 5-umumta’lim maktablari o‘quv­chilari hamda 11-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining jajji iste’dodlari o‘qigan she’rlar, ular ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va betakror-jozibali raqslar baxtiyor bolalikni, kelajagimiz egalari ma’naviy komillik sari javohirlar javohiri bo‘lgan kitobga oshno ulg‘ayayotganliklarini ifoda etdi.

Husanboy MUHITDINOV,
viloyat ARM rahbari