Quyonchilik - sakkizinchi xazina

Mamlakatimizda yetti xazina sifatida farovonlik hamda el-yurt ma’murchiligida beqiyos ahamiyat kasb etayotgan baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik kabilar qatorida quyonchilik ham sakkizinchi xazina tarzida tobora ravnaq topib bormoqda.
Chunki quyonchilik ham serdaromad ekanligi bilan ulardan aslo qolishmaydi. Quyonlar tez ko‘payishi, mahsuldorligi, qisqa fursatda katta bo‘lishi, go‘shtining mazzali va parhezbopligi, terisi va momig‘i qimmatbaho va jahon bozorida ham serxaridorligi bilan ajralib turadi.
Namangan Yoshlar markazida 2 - 3-aprel kunlari O‘zbekiston naslli quyonlar yetishtiruv­chilar assotsiatsiyasi hamda uning viloyatimizdagi vakilligi tomonidan tashkil etilgan ikki kunlik anjuman nafaqat viloyatimiz ahli, balki butun vodiyliklar, Jizzaxu buxoroliklarni o‘ziga jalb etdi. Bu sohaga qiziqish har qachongidan katta ekanligi va u jadal rivojlanib borayotganligi ifodasidir.
Ko‘rgazmada o‘ndan ziyod quyonchilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari, jumladan, qo‘shni Farg‘ona va andijonlik tadbirkorlar, ishqiboz quyon boquvchilar ishtirok etdilar.
Yangi Zellandiya oq, qizil, Vena oq rangli, Vena ko‘k quyoni, Burgunder, Reks, Katta yorqin kumush rang, Poltava kumush rang, Nemis, ing­liz, Flander, Strakach kabi 15 xildan oshiq zotdor quyonlar rangiyu momiqligi, chiroyliligi bilan ham ko‘rgazma ishtirokchilarini hayratda qoldirdi.
- Norin tumanidagi 5-umumta’lim maktabining 10-sinfida o‘qiyman, - deydi ko‘rgazma ishtirokchilarini bir-biridan rang-barang va zotdor quyonlar, ularni parvarishlashning o‘ziga xos jihatlari bilan tanishtirayotgan Islombek Otaxonov. - Quyonchilik bilan 5-6 yildan bu­yon shug‘ullanib kelamiz. Naslli quyonchilikni yo‘lga qo‘yganimizga esa, 2 - 3 yil bo‘ldi. Bilasiz­mi, quyonchilik nafaqat serdaromad so­ha, balki ularni boqish qiziqarli va maroqli.
Islombekning ay­tishicha, tog‘asi Te­murbek Mo‘minov qu­­yonchilikning ustasi bo‘lib ketgan. “Omadbek bo‘stoni” fermer xo‘jaligini tashkil etgan yosh tadbirkor “Yoshlar - kelajagimiz” dasturi asosida 600 million so‘m imtiyozli kredit hisobiga klaster usulida zotdor quyonlar yetishtirishni rivojlantirmoqda. Uning tasarrufida 280 dona eng zotdor quyonlar bor.
Xullas, sakkizinchi xazina sifatida jadal rivoj­lanayotgan quyonchilik bo‘yicha ko‘rgazma, shuningdek, tadbir doirasida tashkil etilgan mahorat darslari, tajriba almashuvlar quyonchilik bilan shug‘ullanishga ishqibozlar safini yanada oshirdi. Tadbirkorlardan o‘rnak olib yuzlab o‘quvchi-yoshlarda ham bu sohaga qizqiqish uyg‘onib, ular safiga qo‘shildilar.

Maftuna REJABBOYEVA