Buyuk tarixdan - buyuk kelajak sari

Davlatimiz rahbari tomonidan Namanganga tashrif chog‘ida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan “Buyuk tarixdan - buyuk kelajak sari” shiori ostida o‘quvchi-yoshlarning tarixiy obidalar, qadamjolar, viloyatning diqqatga sazovor ko‘hna va qadi­miy maskanlariga sayohatlari tashkil etilmoqda.
Qadimiy Axsikentdan boshlangan sayohatlar Namangan Davlat tarixi va madaniyati muzeyi, qa­dimda mustahkam qal’a nomi bilan mashhur bo‘lgan Kosonsoy tumanidagi Mug‘tepa yodgorligi hamda Popdagi Munchoqtepa yodgorliklarida davom etdi.
Qadimiy Axsikent, osori-atiqalarni jamlagan viloyat Davlat tarixi va madaniyati muzeyi, boy o‘tmishdan so‘zlovchi Mug‘qal’a, asrlarni o‘zida mujassam etgan Munchoqtepa kabi maskanlarga tashkil etilayotgan sayohatlardan ko‘zlangan maqsad o‘quv­chilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishdangina iborat emas. Buning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati beqiyos. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar rejasiga ko‘ra 264 mingdan ziyod o‘quvchilar shunday tarixiy maskanlarga boradilar. Ularning tarixi, ajdodlar salohiyati va mero­si haqida yangidan-yangi ma’lumotlarga ega bo‘ladilar. Taassurotlar asosida esa, insholar tanlovi o‘tkazish va eng faol, eng iqtidorli, ilmu iste’dodli o‘quv­chilarni munosib rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Bu sa’y-harakatlar esa, pirovardida, tabiiyki, yoshlar­ning ma’naviyatini yuksaltirishga, bilimlarini boyitishga mustahkam poydevor bo‘ladi.

Isroil YUSUPOV