Har sohada tashabbuskor

Yurtimizda xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xususan, o‘quvchi-qizlarning iqtidorini rag‘batlantirish hamda yuzaga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, o‘quvchi-qizlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash, shu bilan birga ular egallab kelayotgan bilimlar, kasb-hunar sirla­rini o‘zaro taj­riba almashish borasida qator tadbirlar, tanlovlar tashkil etilmoqda. “Ilm-fan kelajak poydevori” shiori ostidagi umumta’lim maktabi o‘quvchi-qiz­lari ishtirokidagi viloyat qizlarjon sammiti ham fikrimiz dalilidir. Mazkur sammitda barcha tumanlardan 118 nafar eng tashabbuskor, bilimli, innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan yoshlar ishtirok etdilar. “Qizlarjon klubi koordinatorlari”, “Hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchi qiz”, “Xalqaro va fan olimpia­dalari g‘oliblari”, “Innovatsion g‘oyalar muallifi”, “AKT yo‘nalishida faollik ko‘rsatayotgan o‘quvchi-qizlar” kabi bir qator yo‘nalishlarda faolligini namoyon etgan qiz­lar sammitning maxsus diplom hamda sertifikatlari bilan taqdirlandilar. Qizlarjon sammiti chin ma’noda iqtidorlar, iste’dodlar maydoniga aylandi.

Muazzam PAYZIBOYEVA,
VXTB uslubchisi