Aqlli pingvin

O‘sha yili Antarktidaga qish har yilgidan qattiq kelibdi. Qor kun, oy demay to‘xtamay yog‘averibdi-yog‘averibdi. Suv usti qattiq muz bilan qoplanib, jonivorlar uchun suv ostidan yegulik olib chiqish mushkul ishga aylanib qolibdi. Bir tomonda dengiz mushugi, yana bir tomonda pingvinlar, nariroqda esa oq ayiq o‘z bolalarini oziqlantirish payida ekanlar. Bechora jonivorlarning bolalari bunday sovuqni hali hech ko‘rmagan ekanlar. Boz ustiga oziq-ovqatning yetishmasligi ularni kundan-kunga tashvishga solar ekan. Shunday kunlarning birida katta pingvinlar galasining yetakchisi oq ayiq hamda dengiz mushugini maslahatga chaqiribdi.
Agar vaziyat shu zaylda davom etsa, barchamizning bolalarimiz ochlikdan nobud bo‘ladilar. Shuning uchun qaysidir birimiz bolalarimizga qarab, qaysidir biri­miz yemish izlab topishimiz kerak, - debdi ona pingvin. Bu fikr dengiz mushugi va oq ayiqqa ham yoqibdi. Ona pingvin barcha bolalarga ko‘z-quloq bo‘lib turibdi. Oq ayiq hamda dengiz mushugi ozuqa topib keltiribdilar. Ularning ahilligi sabab, muammolar osongina yechim topibdi.

Oydina JO‘RABOYEVA,
Chortoq tumanidagi 12-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi