Jahonni zabt etgan 5 yoshli chempion!

Yurtimizda, xususan, Namangan viloyatida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, yosh iqtidor egalarining intilishlarini ro‘yobga chiqarish borasida olib borilayotgan keng qamrovli sa’y-harakatlar natijasida umidli sportchilarimiz xalqaro arenalarda salmoqli yutuqlarga erishmoqdalar.
Xususan, yaqinda Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan muaytay (“tay-boks”) bo‘yicha 16-jahon chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan, O‘zbekiston terma jamoasi va “Jay Team” klubi a’zolari sanalgan Namangan shahar sportchilari muvaffaqiyatli natijalarga erishib, medallar shodasiga ega bo‘lishdi.
Jumladan, musobaqada bahslarga kirishgan 5 yoshli Muhsinbek Erkinjonov (24 kilogramm vazn toifasida), Dilshodbek Xolmirzayev (51 kg. vazn) barcha raqiblarini “tor-mor” etib, oltin medall va jahon chempionligini qo‘lga kiritdilar.
Finalgacha bo‘lgan barcha janglarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Akmaljon Ahadov (54 kg. vazn) va Shoxruh Latifjonov (81 kg. vazn) musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunlab, kumush medallar bilan taqdirlandilar.
Jahon chempionati bahslarida yarim finalga qadar yetib kelgan Azizbek Nuriddinov (54 kg.) va Uzair Ismoiljonov (67 kg. vazn) ham bronza medallari sohibi sifatida g‘oliblik shohsupasidan joy olishdi.

Oqilxon DADABOYEV