NAMANGANDA PREZIDENT MAKTABI

Yuksak iste’dod sohiblari kamol topadigan ilm maskani qurilishiga kirishildi
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-fevral kuni qabul qilingan “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda yoshlar kamoli va ta’lim sohasiga yuksak e’tibor qaratilayotganligining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Taraqqiyot asri, shiddatkor davr odimlari hamda ta’lim sohasida dunyoviy tajribalar va eng ilg‘or mezonlarni o‘zida mujassam etgan Prezident maktablarida har jihatdan ozod Vatanimiz istiqboliga xizmat qiladigan eng iqtidorli, yuksak salohiyatli o‘g‘il-qizlar kamol topadi.
Yakunlangan haftada viloyatmimizdagi eng quvonchli voqealardan biri sifatida Prezident maktabi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Namangan shahrining Islom Karimov nomli ko‘chasida qad rostlaydigan ilm maskanining umumiy maydoni 2,5 gektardan iborat bo‘lib, eng zamonaviy va ko‘rkam ikkita o‘quv korpusi, basseynga ega gimnastika zali, futbol mini-stadioni, volleybol va basketbol maydoni, yotoqxona, mehmonxona, shuningdek, gulxonayu o‘quv-tajriba uchastkalaridan iborat bo‘ladi.
Prezident maktabiga qabul 4-sinf bitiruvchilari orasida mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbat natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Joriy yilning avgust oyida foydalanishga topshiriladigan ilm maskaniga birinchi o‘quv yilida 5 - 10-sinflarga 144 nafar, keyinchalik esa har yili 24 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Har bir sinfda 12 nafardan o‘quvchi tahsil oladi.
O‘quv jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va “STEAM - ta’lim” (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san’at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.
Ahamiyatlisi, eng zamonaviy ko‘rkam va shinam, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan inshootlardan iborat ilm maskani yuksak taraqqiyot asri talablari darajasida jihozlanib, beqiyos imkoniyatlar iste’dodlarni ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishlariga xizmat qiladi.

O‘z muxbirimiz