DUNYOVIY MARRALAR SARI

Mamlakatimizda ta’lim va taraqqiyot jarayonlari xalqaro mezonlarga hamohang jadal rivojlanib bormoqda. O‘g‘il-qizlarimiz ilmu-iste’dod, salohiyat bobida nimalarga qodir ekanliklarini yaqqol namoyon etgan holda xalqaro tanlovlar, bahslar va fan olimpiadalarida munosib ishtirok etmoqdalar.
Jumladan, shu yilning 1 - 6-avgust kunlari Janubiy Afrikaning Durban shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro matematika musobaqasida (IMC - 2019) ham mamlakatimiz terma jamoasining ishtirok etishi belgilangan.
Ayni paytda mazkur musobaqaga tayyorgarlik yuksak sur’atlarda olib borilmoqda. Terma jamoaga eng iqtidorli, eng bilimli, eng qobiliyatli matematika bilimdonlarini aniqlash maqsadida dastlabki viloyat saralash bosqichi o‘tkazildi.
Unda viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan ikki yosh toifasida 2005-yil 1-avgustdan keyin tug‘ilganlar (7 - 8-sinflar) hamda 2002-yil 1-avgustdan keyin tug‘ilganlar (9 - 10-sinflar) 46 nafar matematika bilimdonlari bilimlar bahsiga kirishdilar.
Natijalarga ko‘ra, har ikki yosh toifasida muvaffaqiyat qozongan jami 10 nafar o‘quvchi navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldilar. Ular respublika miq­yosida o‘tkaziladigan saralash bosqichida ishtirok etadilar. G‘oliblar mamlakat terma jamoasi tarkibida xalqaro matematika musobaqasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritiadilar.

Maftuna REJABBOYEVA