BESH TASHABBUS YOSHLARNI KOMILLIKKA UNDAMOQDA

Prezidentimiz tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha belgilab berilgan besh tashabbus kelajagimiz egalarini kamolot cho‘qqilari sari dadil odimlashga undamoqda.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomo­nidan ushbu tashabbuslarni hayotga tatbiq etish borasida keng qamrovli izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
BIRINCHI TASHABBUS - yoshlarni musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va boshqa san’at turlariga jalb etish bo‘yicha 629 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 23-umumta’lim maktabida avvaldan o‘nga yaqin to‘garaklar faoliyat yuritib kelayotgan edi. Prezidentimiz tashabbusidan keyin ular qatoriga yana doira, raqs, torli cholg‘ular, estrada yo‘nalishlaridagi to‘garaklar qo‘shilgani yosh iste’dodlar uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Mashg‘ulotlarning tuman madaniyat bo‘limi vakillari bilan birgalikda tashkil etilayotgani yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarish hamda ular orasidan yangi talantlarni kashf etishda katta samara bermoqda.
Uchqo‘rg‘on tumanidagi 2-umumta’lim maktabida ham o‘quvchilarni san’atga, adabiyotga, ma’naviyatga oshno kamol toptirishga e’tibor yuksak. Ushbu ilm dargohi o‘quvchilarining qiziqishlari shunchalar kuchliki, ustozlari ko‘magida dutor, doira, skripka chalish, rassomchilik sir-asrorlarini ishtiyoq bilan o‘rganib qolmasdan, qo‘g‘irchoq teatri ham tashkil etishgan. Jajji iste’dodlardan iborat teatr repertuari ham g‘oyat rang-barang va juda boy.
IKKINCHI TASHABBUS - yoshlarni jismonan chiniqtirish, ular­ning sport sohasida qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yara­tishga qaratilgan sa’y-harakatlar ham keng quloch yozmoqda.
Viloyatda bu borada ham izchil faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Birgina xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarga 116454 nafar o‘quvchilar sportning 23 turi bo‘yicha qamrab olingan. Ular 6907 ta seksiya va sog‘lomlashtirish guruhlarida muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
Yoshlarni jismonan chiniqtirish, mahoratini toblash maqsadida birgina joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizdagi umumta’lim maktablarida 2000 dan ziyod, tumanlar va shahar miqyosida 50 dan ortiq, viloyat miqyosida esa 10 dan ortiq turli sport musobaqalari, bellashuvlar, qizg‘in bahslar tashkil etildi.
Prezidentimiz tashabbusidan keyin viloyatdagi barcha umumta’lim maktab­larida har kuni badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlash an’anaga aylandi. Barcha maktablarda o‘quvchilar bunday mashg‘ulotlarda faol ishtirok etishmoqda.
Jumladan, Namangan shahridagi 3590 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 7-umumta’lim maktabi o‘quvchilari nafaqat ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari­da katta qiziqish va ishtiyoq bilan qatnashadilar, balki voleybol, basketbol, gandbol, shaxmat-shashka, futbol, stol tennisi kabi sport turlari bo‘yicha to‘garaklarda mahorat bobida toblanmoqdalar. Shuning uchun ham ular orasida nafaqat O‘zbekiston chempionlari, balki Osiyo va jahon miqyosidagi musobaqalarda shohsupalarni zabt etgan o‘quv­chilar oz emas.
Jumladan, 10-sinf o‘quvchisi Ravshan Yusupov kik-boks bo‘yicha 5 karra O‘zbekiston va 1 karra Osiyo chempioni bo‘lsa, 9-sinf o‘quvchisi Bobur Bahodirov shu sport turi bo‘yicha ayni paytga qadar uch karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritib, Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bronza medali sohibi bo‘lgan.
5 tashabbus doirasida barcha maktablar o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilayotgan futbol, voleybol, shaxmat-shashka bo‘yicha shahar, tuman hamda viloyat birinchiligi musobaqalari ana shunday chempion yoshlarni xalqaro miqyosdagi bahslarga tayyorgarlik borasida toblash barobarida mahorat sabo­g‘i vazifasini o‘tamoqda.
- Voleybol bo‘yicha viloyat terma jamoasi a’zosiman, - deydi Namangan shahridagi 21-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Dildora Mo‘minova. - Muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgan musoba­qalarda faol qatnashyapmiz. Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yaratib berilayotgan imkoniyatlar bizni shohsupalar sari chorlamoqda.
Darhaqiqat, Davlatimiz rahbari belgilab bergan tashabbus yoshlarni jismonan chiniqtirish va sportga jalb etish borasida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Tashabbus ijrosi doirasida qisqa vaqtning o‘zida viloyatda yana qo‘shimcha 120 ta sport seksiyasi tashkil qilinib, ularga 1912 nafar o‘quvchi qamrab olindi. Yil davomida Namangan shahri va tumanlardagi 366 ta umumta’lim maktabida yana shunday 473 ta sport seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularga 7537 nafar o‘quvchini jalb qilish ko‘zda tutilgan.
UCHINCHI TASHABBUS - aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlar taraqqiyot asri talablari darajasida shiddat bilan rivojlanib borayotgan axborot kommunikatsiya texnologiyalari davriga hamohang olib borilmoqda.
Ta’limning ana shunday taraqqiyot odimlari bilan uyg‘unligini Koreyaning Eksmibanki tomonidan shu yilning o‘zida viloyatdagi 104 ta umumta’lim maktabi 1699 ta kompyuter texnikalari bilan ta’minlash rejalashtirilganida ham ko‘rish mumkin.
2018-yilda viloyatdagi mavjud 685 ta umumta’lim maktabida yuqori tezlikda ZiyoNET tarmog‘idan foydalanish borasida qulaylik yaratish uchun optik tola tortilib, foydalanishga topshirilgan edi. Prezidentimiz tashabbusidan so‘ng bu boradagi amaliy ishlar yanada jadallik kasb etdi. 2019-yil yakuniga qadar optik tola tortish hisobiga 204 ta maktabda shunday zamonaviy yuqori tezlikdagi internet tarmog‘ida ishlash uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Bunday imkoniyatlardan oqilona va samarali foydalanayotgan o‘quvchilar jahon miqyosida muvaffaqiyat qozonmoqdalar. Namangan shahridagi 7-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sa’diya Abbosova dasturlash bo‘yicha AQSh tomonidan tashkil etilgan xalqaro tanlovda muvaffaqiyat qozonib, g‘oliblar safida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan bilim va mahorat, tajriba almashuv jarayonlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Yurtboshimizning besh tashabbusi asosida Namangan shahrida Raqamli texnologiyalar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani esa, iste’dodli o‘quvchilarni muvaffaqiyatlar sari yanada shahdam odimlashga undamoqda.
TO‘RTINCHI TASHABBUS - yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar bugun Namanganda har qachongidan keng ko‘lam kasb etgan.
Prezidentimizning “Namanganni eng kitobxon viloyatga aylantira­miz”, degan ezgu chorlovi barchani bu borada faollik ko‘rsatishga chorladi. Viloyatdagi korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari tomonidan o‘zlari o‘qigan maktablarga hamda 450 dan ortiq axborot kutubxona markazlari­ga 177 million 931 ming so‘mlik 9997 ming turdagi 22298 dona badiiy adabiyotlar taqdim etildi.
Bu tashabbus viloyatimiz bo‘ylab tobora keng quloch yozmoqda. 2019-yilning o‘zida xalq ta’limi boshqarmasi tizimidagi muassasalarga byudjet mablag‘lari hisobidan 208 turdagi 757 million 576 ming so‘mlik 36604 dona badiiy adabiyotlar yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Tabiiyki, bunday sa’y-harakatlar kitobga chanqoq, mutolaaga ishtiyoqi baland o‘quvchilarga cheksiz quvonch ulashmoqda.
Shuning uchun ham bugun qay bir ilm maskaniga bormang, kitob­xonlik kechalari, adabiy anjumanlar, shoir yozuvchilar, ijod va ma’naviyat ahli ishtirokidagi uchrashuvlarga ulanib, “Adabiyot bayrami”, “Ma’naviyat bayrami” sifatida keng quloch yozayotganiga shohid bo‘lasiz.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 24-umumta’lim maktabi, tuman madaniyat bo‘limiga qarashli Isvaxon madaniyat markazi hamda viloyat axborot resurs markazida tashkil etilgan kitobxonlik kechalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ana shunday jo‘shqinlik bilan o‘tdi.
BESHINCHI TASHABBUS - xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masa­lalariga ham alohida e’tibor qaratgan holda ilm maskanlarida yoshlarimiz, xusu­san, o‘quvchi-qizlarga ilm-fan sirlarini mukammal o‘rgatish barobarida o‘zlari qiziqqan kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlari, mahoratlarini oshirishlari uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu borada umumta’lim muassasalari tizimida faoliyat olib borayotgan o‘quv ishlab chiqarish majmualari faoliyati katta ahamiyatga ega. Hozirgi kunda viloyat xalq ta’limi tizimidagi o‘quv ishlab chiqarish majmualarida yoshlarga 51 ta yo‘nalishda kasb-hunar sirlari o‘rgatib borilmoqda. Ahamiyatlisi, 30 dan ziyod yo‘nalishlarga viloyat bo‘yicha jami 30080 nafar o‘quvchi-qizlar qamrab olingan. Ular tikuvchilik, qandolatchilik, pazandalik, ayollar sartaroshligi kabi yo‘nalishlarda mahoratlarini oshirmoqdalar.
Chust tumanidagi Qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida tashkil etilgan 3- hamda Chust pedagogika va servis kollejida faoliyat olib borayotgan 5-sonli o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘quvchilar ana shunday eng zamonaviy kasb-hunarlarni mahorat bilan egallamoqdalar.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning 5 muhim tashabbusi kelajagimiz egalarini ozod va obod diyor ertasiga munosib, har jihatdan yetuk, ilmu salohiyatli, jismonan sog‘lom, ma’naviy barkamol ulg‘ayishga chorlamoqda.

Isroil YUSUPOV