TINCHLIK BAXTDIR, TINCHLIK - SAODAT

Tinchlik qadri, osoyishtalik shukronasi sifatida Xotira va Qadr­lash kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab katta tantanalar bilan keng nishonlanmoqda.
Umumxalq bayrami munosabati bilan viloyatimiz xalq ta’limi tizimidagi muassasalarda ham mardlik va matonatni ulug‘lovchi tadbirlar keng miqyos kasb etdi.
“Ajdodlarni xotirlash - muqaddas qadriyat”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik - insoniy burch” shiori ostida tashkil etilgan tadbirlar, “Mardlik va jasorat darsi”, harbiy qismlarga tashriflar, devoriy gazetalar va insholar tanlovi yoshlarni jasurlikka undash barobarida ona yurtga sodiq, vatanparvar insonlar bo‘lib kamol topishlariga xizmat qilmoqda.
Mingbuloq tumanining Qo‘riqobod mahallasidagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdumajid ota Raimov istiqomat qiladigan xonadon Xotira va Qadrlash kuni arafasida har qachongidan gavjum. Tumandagi 13-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ustoz-muallimlari hamrohligida fayzli hovlida bo‘lib, insoniyat tinchligi uchun janggohlarda fidoyilik ko‘rsatgan boboni bayram bilan qutladilar.
Otaxon bilan suronli urush xotiralari haqidagi suhbat tinchlik qadri, osoyishta kunlar shukronasiga uyg‘unlashib ketdi. Yoshlar olovli urush kulfatlari haqidagi xotiralarini ting­lar ekanlar qalblarida mardlik va matonat timsoliga aylangan ajdodlarimizga ehtirom yolqinlandi.
- Urushga otlanganimda endigina 17 yoshga kirgan o‘spirin edim, - deya o‘sha mash’um yillarni esladi ota­xon. - 1943-yilning kuz oxirlari, dastlab Novosibirskda uch oylik harbiy tayyorgarlikdan so‘ng Ikkinchi Belorus frontida jangga kirdim. Ukrainani ozod qilishdagi jangdan so‘ng, Belorussiyani dushmandan halos etdik, keyin Polsha, Vengriya, Oder daryosini kechib o‘tib, Berlinga, Reyxstagga g‘alaba bayrog‘i tikilgan damlargacha urushda mardonavor ishtirok etdik.
“Omonlik bo‘lsin, bolala­rim, omonlik. Bu dunyoda tinchlik-osoyishtalikdan ortiq baxt ham, iqbol ham, saodat ham yo‘q. Kamolingizga ko‘z tegmasin, qarang, qanday doril­omon kunlarda yashayapmiz. Bu kunlar qadriga yetib, mustaqil ona diyorimizga munosib kamolga yetinglar”, deya duoga qo‘l ochadi otaxon.
Urush tugab, fashizm tor-mor etilganidan keyin ham 1950 yilgacha harbiy qismlarda, chegara qo‘shinlari tarkibida xiz­matni o‘tagan Abdumajid ota ona yurtga qaytgach, oila qurib, umr yo‘ldoshi Toji­xon aya bilan 6 farzandni el koriga kamarbasta insonlar qilib kamolga yetkazishdi. Bugun otaxon nafaqat ellikdan ziyod nevara, evara, chevaralar ardog‘ida, balki butun qishloq va tuman ahlining e’zozu ehtiromida umrguzaronlik qilmoqda.
Abdumajid ota singari oso­yishta kunlar uchun tinchlikni asrash yo‘lida janggohlarga kirgan mardlik va jasorat timsollari har lahza elu yurt ardog‘ida.
Zotan, xotira - muqaddas, qadr - ulug‘dir.

Mardonbek ESONBOYEV