ISTE’DODLAR UCHUN CHEKSIZ IMKONIYATLAR

Mamlakatimizda kelajagimiz egalarining iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqa­rish, ularga yuksak cho‘qqilar, baland marralarni zabt etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib be­rishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning shu yilning 3-may kungi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ana shu maq­sadda qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasida tashkil etilayotgan departament iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash, ularning iste’dodini yuzaga chiqa­rish hamda yuksak darajada rag‘batlantirish borasida ish olib boradi. Tabiiyki, bu iste’dodli o‘quvchilarga ilm-fan cho‘qqilarini zabt etish barobarida jahon miqyosida yurtimiz dovrug‘ini yuksalti­rishga hissa qo‘shish imkoniyatini yaratadi.
Endilikda xalqaro olimpiadada oltin medal sohibi bo‘lgan o‘quvchi eng kam oylik ish haqining 500 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. 2- va 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, kumush va bronza medallari sohibi bo‘lganlar esa, eng kam oylik ish haqining 200 hamda 300 barobari miqdorida pul mukofotlariga ega bo‘ladilar. Ayni payt­da g‘olib o‘quvchining ustozi eng kam oylik ish haqining 450 barobari, 2- va 3-o‘rinni qo‘lgan kiritgan o‘quvchilar­ning ustozlariga esa, 250 va 150 barobari miqdoridagi pul mukofotlari beriladi.
Shuningdek, respublika fan olimpiadalarida ham g‘olib o‘quvchilarga shunday 1-o‘rin uchun eng kam oylik ish haqi­ning 50, 2-o‘rin uchun 35, 3-o‘rin uchun 30 barobari miqdorida mukofotlash, ular­ning ustozlariga esa navbatdagi o‘quv yili uchun oylik ish haqiga har oyda 200, 175 va 150 foiz ustama to‘lash belgilangan.
Faqat shugina emas, xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilar­ning lavozim maoshiga har oyda qo‘shimcha 150 foiz, respublika fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan muallimlarga esa, lavozim maoshiga har oyda 100 foiz miqdorida ustama haqi to‘lanadi.
Ulkan imkoniyatlar mamlakati sifatida jahonga yuz tuta­yotgan yurtimizda iste’dodlilarga cho‘qqilarni zabt etish, ertangi kunning munosib bunyodkorlari bo‘lishlari uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar qamrovi tobora ortib bormoqda.

Isroil YUSUPOV