“HARLEM GLOBETROTTERS” - NAMANGANDA

Xalq ta’limi vazirligi hamda AQSh elchixonasi tomonidan o‘quv­chilar o‘rtasida sportni rivoj­lantirish, yoshlar orasida basketbol o‘yinini keng targ‘ib qilish maqsadida AQShning “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi vakillari mamlakatimizning barcha hududlarida sportsevar o‘quvchilar ishtirokida mahorat darslarini olib bordilar.
29-apreldan 4-mayga qadar davom etgan tadbirlar yoshlarning sport turlari, ayniqsa, basketbol borasidagi mahoratini oshirish bilan birga ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilgan holda turli zararli illatlar va huquqbuzarliklardan asrashga qaratilgani bilan yuksak ahamiyat kasb etdi.
AQShning “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi vakillari Fatima Lister (TNT) va Julius MakKlarkin (Zeus) “T.E.A.M.Up at School” dasturi doirasida ana shunday mahorat darslarini Chust tumanidagi 64-umumta’lim maktabida ham tashkil etdilar. Qizg‘in jarayonlarda viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan 300 nafardan ziyod o‘g‘il-qizlar jahonning mashhur basketbolchilaridan epchillik, chopqirlik, tezkorlik hamda mahorat saboqlarini oldilar.
Mashg‘ulotlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, sport boshqarmasi vakillari ham ishtirok etishdi.

Maftuna REJABBOYEVA