BIZNI NURLI MANZILLAR KUTAR

BIZNI NURLI MANZILLAR KUTAR
O‘quv yilining so‘nggi oyi - may bitiruvchi o‘quvchilar uchun hayajonli va mas’uliyatli. Buning boisi yillar davomi­da qadrdon bo‘lib qolgan dargoh bilan xayrlashish bo‘lsa, qolaversa ertangi kun uchun muhim bo‘lgan katta marrani zabt etish, oliy ta’lim maskanlari sari dadil borishdir.
Bu har qachongidan ham ko‘proq izlanib, intilib, muvaffaqiyatlar sari olib boruvchi ilk dovonni egallash demakdir. Ilm maskanini tamomlayotgan tengdoshlaringizdan so‘rab ko‘raylikchi ular qaysi soha tomon bormoqdalar?

OQ XALATLI HALOSKOR
Bolalikdagi o‘yinchoq­la­rimning deyarli hammasi shifokorlik kasbiga yo‘naltirilgan, shifokor qo‘g‘irchoq yana uning “asbob-anjomlari”. Hattoki, hozirgacha ularni avaylab olib ham qo‘yganman. Bemorlarni davolash, insonlarning yuzlariga tabassum ulashish mening burchimga aylanadi, deb qaytarardim ko‘p bor. Hozir ham shu sohaga oid yangiliklar bilan muntazam tanishib boraman. Maktabimizga biz bilan suhbatlashish uchun kelgan shifokorlarga ham bir talay savollar berib, goho ularni qiynab ham qo‘yardim. Hozirda kimyo hamda biologiya fanini puxta o‘zlashtiryapman. Maqsadim bolalikdanoq qalbimda ishtiyoq uyg‘otgan kasbni egallab, shifokor bo‘lish.
Oydina OYDINOVA,
Chortoq tumanidagi 40-umumta’lim maktabining 11- sinf o‘quvchisi

ISTAGIM - DUNYOGA YUZLANMOQ
Kuchli bilim hamda te­ran tafakkur insonni hamisha yuksak marralar, g‘alabalar sari yetaklaydi. Buning uchun faqat va faqat o‘qish, o‘rganish, bo‘sh vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olish kerak. Ilm dargohimizda chet tillarini, ayniqsa, ingliz tilini chuqur o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi. Fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi”da maktabimiz o‘quvchilari muvaffaqiyatli qatnashadilar. Men ham ko‘p yillardan buyon ingliz tilini puxta o‘rganyapman. Shu harakatlarim samarasida maxsus CEFR sertifikatini ham qo‘lga kiritdim. Bu esa menga Namangan davlat universitetining xorijiy filologiya yo‘nalishi talabasi bo‘lishimda katta yordam beradi. Bilimlarimni boyitib, nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida iqtidorimni namo­yon qilmoqchiman.
Izatillo NE’MATULLAYEV,
Namangan shahridagi 59-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi

BIZNES – MEN INTILGAN OLAM
Yer yuzi aholisining deyarli yarmidan ko‘pi biznes va tadbirkorlik faoliyatiga oid sohalar bilan shug‘ullanadi. Buni bir tomondan yuqori ishbilarmonlik muhiti, ikkinchi tomondan davlat va jamiyat rivojining tezlashuvi deyish ham mumkin. Iqtisod, matematika fanlarini yaxshi bilgan, chuqur o‘rgangan kishilar, albatta, tadbirkorlikni kasb qilganlar. Bu fanlar mening ham allaqachon hamrohimga aylanib ulgurgan. Boisi maktabni bitirganimdan keyin meni o‘z bag‘riga oladigan Toshkent Davlat Moliya Institutiga dadil qadamlar bilan borishim uchun ham fanlarni yanada ko‘proq o‘zlashtiryapman. Kelajakda yangi-yangi biznes yo‘nalishlarini yurtimizga olib kirishni niyat qilganman.
Sherzod TOSHPO‘LATOV,
Pop tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi