MA’RIFAT MASKANLARIDA TANTANALAR

Ilm-fan cho‘qqilari sari astoydil intilayotgan o‘quvchi-yoshlarning yutuq va muvaffaqiyatlari ifodasi sifatida butun mamlakatimiz bo‘ylab 2018 – 2019-o‘quv yili yakunlanishiga bag‘ishlangan sana katta tantanalar bilan nishonlandi.
Viloyatimizdagi barcha umumta’lim muassasalarida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tantanalari “Mening maktabim - mening uyim!” shiori ostida zo‘r ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi.
Barcha umumta’lim maktablarida tashkil etilgan o‘quv yili yakunlanishiga bag‘ishlangan tadbirlar­ning asosiy g‘oyasi Prezidentimizning “Dunyoda eng katta boylik - yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir”, degan g‘oyasining mazmun-mohiyatini o‘quvchi-yoshlarga yetkazish, kelajagimiz egalari ongida Vatanga muhabbat, keksa avlod vakillariga hurmat, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga qaratildi.
Ilm maskanlari bayramona bezangan. O‘quvchilar dars jarayonlarida mukammal bilim berish barobarida darsdan tashqari mashg‘ulotlar, to‘garaklar va o‘quv-ishlab chiqarish majmualari faoliyatini namunali tashkil etib, bilim va kasb-hunar sir-asrorla­rini mukammal o‘rgatib, kamolot sari yetaklayotgan ustoz-muallimlarga tabrik va izhorlarini namoyish etib, guldastalar taqdim qildilar.
O‘qituvchilar, ota-onalar va turli soha vakillari o‘g‘il-qizlarni o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunla­ganliklari bilan muborakbod etib, Vatanimiz ertasiga munosib kamol topishga undadilar.
Namangan shahridagi 1-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ham tadbir katta tantanalar bilan o‘tkazildi. Ilm maskanida 122 nafar tajribali va salohiyatli ustozlar 2996 nafar oquvchini ilm-ma’rifat cho‘qqilari sari qay darajada yetaklab borayotganining ifodasi sifatida qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlar e’tirof etildi. Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozarov barchani o‘quv yili yakuni bilan tabriklash barobarida kelajak sari dadil parvozga chog‘langan 115 nafar 11-sinf bitiruvchilariga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Namangan shahridagi 52-umum­ta’lim maktabida ham tadbir yuksak ko‘tarinkilik bilan tashkil etildi. O‘quv yili mobaynida munosib natijalarni qo‘lga kiritgan iqtidorli, iste’dodli, faol va tashabbuskor yoshlar, shuningdek, ularning ota-onalari faxriy yorliq hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Bacha 11-sinf bitiruvchilariga zafarlar tiladi.
O‘quvchilar ijrosidagi kuy-qo‘shiq va raqslar, sahna ko‘rinishlari tadbirga yanada ko‘tarinkilik va tantanavorlik bag‘ishladi.

Mardonbek ESONBOYEV