SO‘LIM OROMGOHLAR CHORLAYDI

Shoir aytganidek, “Har faslning o‘z xislati bor”.
Ammo serquyosh va betakror diyo­rimizda, ayniqsa, oltin yoz bolajonlar uchun serzavq va unutilmas onlarga boy. Chunki o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunla­gan o‘g‘il-qizlarni soya-salqin, so‘lim go‘shalardagi orom­gohlar chorlaydi.
Joriy yilda ham o‘quvchi-yoshlar­ning yozgi sog‘lomlashtirish mavsu­mini namunali tashkil etishga munosib taraddud ko‘rildi.
Kelajagimiz egalarining bo‘sh vaqt­larini mazmunli tashkil etish maqsadida viloyatimizda 8 ta shahar tashqarisidagi bolalar oromgohlari hamda umumta’lim maktablari qoshida tashkil etilgan 93 ta kunduzgi orom­gohlarda jami 18000 nafar kelajagimiz egalari dam olib, xordiq chiqaradilar.
“Obod yurt madhi”, “O‘zbekiston - Vatanim manim!”, “Yurtim jamoli”, “Mahallam - otam, onam”, “Yosh kitobxon”, “Yosh ijodkor”, “Yashil tabiat do‘stlari”, “Yosh ekolog” kabi mavzulardagi ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, zakovat bahslari. ko‘rik-tanlovlar, insholar tanlovi, taniqli shoir va yozuvchilar, ma’naviyat va madaniyat sohasi vakillari bilan ijodiy uchrashuv­lar, shuningdek, sport musobaqalari o‘quvchilarning serzavq onlariga yanada jo‘shqinlik bag‘ishlaydi.
Shahar tashqarisidagi 8 ta orom­gohning har birida 3000 donadan, jami 24 ming dona kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonalar faoliyat olib boradi. Shuningdek, umumta’lim maktablaridagi kunduzgi orom­gohlardagi kutubxonalar ham o‘quv­chilarning ma’naviyati va tafakkurini oshirishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, oltin yoz yaqin, kelajagimiz egalarini orom­gohlar quchoq ochib kutmoqda.

Maftuna REJABBOYEVA