Vatan, do‘stlik, baxtli bolalik uchun

“Kamalak” bolalar tashkilotining “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiori ostidagi navbatdagi XVIII anjumani Uychi tumanida bu yil o‘zgacha tarzda tashkil etildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining umumta’lim maktablaridagi 1000 nafardan ortiq boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari va sardorlarini jamlagan anjuman katta bayramga aylanib ketdi.
Iqtidorli o‘quvchilar va san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert yig‘ilganlarga xushkayfiyat ulashdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat va tuman Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan keng qamrovli loyiha avvalgilaridan tubdan farq qildi. Boisi, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusga uyg‘un tarzda yondashilgani barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
- Men o‘tgan yili ham anjumanda ishtirok etganman. To‘g‘risini aytsam bu yilgi anjumanga sardorlar ko‘proq kelishdi. Ayniqsa, turli bekatlar tashkil qilingani va bu bekatlar 5 ta tashabbusga moslab ko‘rgazmalar bilan boyitilgani e’tiborimizni tordi”, - deydi Uychi tumani “Kamalak” sardori Nurillo Abdullayev.
Darhaqiqat, yurtning ertangi farovonligiga munosib xizmat qiladigan barkamol avlodni ulg‘aytirishda bu kabi loyihalarning o‘rni beqiyosdir. Loyiha yakunida o‘quv yili davomida faollik ko‘rsatgan yoshlar yetakchilari va sarlorlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Uychi tumani Kengashi tomonidan diplom va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandilar.

Hojiakbar PATTAYEV
Uychi tumani “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi