Beg‘uborlik quvonchi

"Bola kulsa - olam kuladi", deydilar. Darhaqiqat, bolalar quvonchi olamni bezaydi, kurrai zaminni charog‘on etadi. Zotan, bolalik - beg‘ubor olam. Inson umrining quvonchu shodliklarga limmo-lim davri. Bolajon diyorimizda kelajagimiz egalariga ko‘rsatilayotgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rliklar ifodasi sifatida 1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni keng nishonlandi.
Sana munosabati bilan viloyatimizda ham ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar, bayram shodiyonalari tashkil etildi.
Namangan shahri markazidagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan asosiy bayram tantanalariga viloyati­mizning barcha shahar va tumanlaridan kelajak sari shahdam odimlar bilan borayotgan, ilm-ma’rifat, adabiyot va san’at, sport kabi ko‘plab yo‘nalishlarda yutuq va muvaffaqiyatlarga erishayotgan iqtidorli va iste’dodli o‘quvchilar, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bo‘lib, jami 200 nafar o‘g‘il-qizlar taklif etildi. To‘kin dasturxon atrofida ko‘zlari sevinchdan porlagan kelajagimiz bunyodkorlariga bayram sovg‘alari tuhfa etildi. Ular teatrlashtirilgan bayram tomoshalari, badiiy-musiqali dasturlar, san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlaridan zavqu shavqqa to‘lib, baxtiyor bolalik nashidasidan bahramand bo‘ldilar.
1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan joriy yilning 28-may 2-iyun kunlari tashkil etilgan “Har bir bolaga mehr, e’tibor!” shiori ostidagi haftalik doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar viloyatimiz bo‘ylab keng quloch yozdi.
Viloyatimiz markazi Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘idan boshlangan shodiyonalar barcha tumanlardagi istiroxat maskanlarida zo‘r ko‘tarinkilik bilan davom etdi.
Shahar va tumanlarda bizning oila, istiqlol chechaklari mavzusida badiiy dasturlar, yugurish bo‘yicha marafon, arqon tortish va ko‘plab sport turlari bo‘yicha musobaqalar, rasmlar tanlovi, “Biz barkamol avlodmiz” loyihasi doirasida bellashuv va bahslar “Mening huquqim - baxtli bolaligim”, “Dunyo bolalar nigohida” kabi mavzularda bayram tadbirlari tashkil etildi.
Ilm-fan, sport va san’at yo‘nalishlarida iqtidor va qobiliyatini namoyon etayotgan yoshlarga o‘quv qurollari, kitoblar, sport kiyimlari va jihozlari, sovg‘a-salomlar tuhfa etildi.
26-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga bu yilgi bayram o‘zgacha shukuh va olam-olam quvonchu shodliklar bag‘ishladi. Bayram munosabati bilan viloyat hamda Namangan shahar hokimliklari, ko‘plab tashkilot-muassasalar, keng jamoatchilik vakillari jajjilar maskanida bo‘lib, bolajonlarga bayram sovg‘alarini taqdim etdilar. Bayram munosabati bilan kelajagimiz egalariga tuhfa etilgan eng katta sovg‘a “ISUZU” avtobusi bo‘ldi. Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov bolajonlarga avtobusni tuhfa etar ekan, bolajon diyorimizda ertangi kunimiz egalariga ko‘rsatilayotgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rliklar, ularning ta’lim-tarbiya olishi, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishlari uchun yaratib berilayotgan beqiyos imkoniyatlarga to‘xtalib, yoshlarni ona Vatanimiz ertasiga munosib o‘g‘il-qizlar bo‘lib kamol topishga ruhlantirdi.
Tadbirda, shuningdek, muassasa tarbiyalanuvchilariga bayram tuhfasi sifatida yozgi ta’til kunlarini soya-salqin, so‘lim maskanlarda miriqib o‘tkazishlari uchun bolalar oromgohlariga yo‘llanmalar, sport anjomlari hamda kitoblar ham tuhfa qilindi.
“Bolalarga bering dunyoni” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar, bayram tantanalari viloyatimizning barcha shahar, tumanlarida ham o‘tkazildi.


Mardonbek ESONBOYEV