BESH TASHABBUS - ISTIQBOLNING BESH QANOTI

Yoshlar yurt kelajagi, ertangi suyanchimiz va tayanchimiz. Ularning har jihatdan yetuk kamol topishi mamlakatimizning ravnaqi va istiqbolini belgilaydi.
Shuning uchun ham mamlakatimizda ertangi kun egalari­ning hayoti va kamoliga, ularning iqtidor va qobiliyatini yuzaga chiqarishga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan 5 muhim tashabbus bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan besh tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarning yozgi ta’til onlari ham jo‘shqin va qiziqarli o‘tishiga xizmat qilmoqda.
BIRINCHI TASHABBUS
Chortoq tumanida 54 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ularda tashabbus doirasidagi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan 410 ta to‘garak faoliyat olib bormoqda. Mazkur to‘garaklarga 8200 nafar o‘quvchi jalb qilingan.
Koroskon qishlog‘idagi 3-umumta’lim maktabi bu boradagi ishlar namunali yo‘lga qo‘yilgan ilm maskanlaridan. Bugun yozgi ta’til kunlari, allaqachon yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi boshlangan bo‘lishiga qaramay ushbu ma’rifat dargohi gavjum. Chunki bu maskanda musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning qator yo‘nalishlari bo‘yicha o‘ndan ziyod to‘garaklar faoliyat olib bormoqda. To‘garaklar faoliyati qizg‘in va rang-barangligi o‘quvchilarning ularga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.
Tashabbus asosida tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan madaniyat bo‘limi bilan hamkorlikning yanada kuchaytirilishi natijasida mazkur maktabda avvaldan faoliyat yuritib kelayotgan o‘nga yaqin to‘garaklar qatoriga tasviriy san’at, raqs, doirachilik, hatto qo‘g‘irchoq teatri kabi qator yangi to‘garaklar qo‘shilib, ular soni 15 dan o‘tdi.
Mashg‘ulotlarni ilm maskani ustoz-muallimlari tuman madaniyat bo‘limi vakillari, teatr va san’at borasida o‘ziga xos tajriba va mahoratga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan hamkorlikda olib bormoqdalar.
Maktab “Qo‘g‘irchoq teatri”ning jajji talantlari har kuni na­moyish etayotgan ertaklar asosidagi sahna asarlarini nafaqat tengdoshlari, ustoz-muallimlaru ota-onalar, mehmonlar va keng jamoatchilik vakillari ham olqishlar bilan qarshi olmoqdalar.
Tabiiyki, yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yoshlarni ishtiyoq va shijoatga undamoqda.
Ular mahorat bilan ijro etayotgan kuy-qo‘shiq va raqslar, doira jo‘rligidagi ajib ohanglar sadosi, tasvirlarga jo etayotgan go‘zallik va maftunkorlikda to‘garaklar faoliyati o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtlarini, yozgi ta’til onlarini mazmunli va maroqli o‘tkazishlarini ta’minlabgina qolmay, ularning iste’dod va qobiliyatini namoyon etishga qanot bag‘ishlayotganini ko‘rish mumkin.
IKKINCHI TASHABBUS
Yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kamolida, eng avvalo, ularning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil qilish muhim.
Uychi tumanida Prezidentimizning 5 tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan faoliyatda bu ustuvor ahamiyat kasb etgan. Bugun - yoz. Demak, umumta’lim maskanlarida o‘quv yili yakunla­nib, yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi boshlangan damlar. Bu esa, o‘g‘il-qizlarimizning bo‘sh vaqt­larini samarali tashkil qilishga, nazoratsiz qoldirmaslikka har qachongidan e’tiborli bo‘lishni taqozo etadi. Bu jihat 1545 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan 6-umumta’lim maktabi jamoasi­ning doimiy e’tiborida. O‘quv yili mobaynida muntazam faoliyat olib borgan maktabdagi sportning tennis, voleybol, basketbol, shaxmat-shashka, mini-futbol kabi o‘ndan ziyod turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar ayni yoz kunlarida ham qizg‘in davom etayotgani fikrimiz tasdig‘i bo‘la oladi.
Ayni yo‘nalishda tumandagi boshqa umumta’lim maktablari­da amalga oshirilayotgan ishlar ham ibratga loyiq. Tumandagi 44 ta maktabda 39 ta sport zali yoshlar ixtiyo­rida. Ular zamonaviy sport jihoz­lari va inventarlar bilan ta’minlangan. Har bir ilm maskanida faoliyat olib borayotgan o‘ndan ziyod sport to‘garaklariga 17485 nafar o‘quv­chilar jalb etilgan. Ahamiyatlisi esa, ularning 8465 nafari qizlardir. Muntazamlik kasb etgan bellashuv­lar, sport musobaqalari ularni har jihatdan toblab, chiniqtirmoqda. Yosh sportchilar nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan musobaqalarda ham o‘z qobiliyatini namoyon etib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqdalar.
UCHINCHI TASHABBUS
Sport to‘garaklarida jismonan chiniqib, zakovat va aqliy tafakkur bobida toblanayotgan o‘quvchilar uchinchi tashabbus kompyu­ter texnologiyalari borasida ham bilimlarini oshirish, internetdan to‘g‘ri, oqilona va samarali foydalanishda ham yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lmoqdalar. Tumandagi maktablarning barchasi kompyuter texnikasi bilan ta’minlangan. Ilm maskanlari ziyonet tarmog‘iga ulangan, 915 ta kompyuter va axborot kommunikatsiya texnologiyalari mavjud.
Ustoz-muallimlar yoshlarni bu­gungi yuksalish va taraqqiyot zamoni, axborot texnologiyalari davriga xos tarzda kamolot sari to‘g‘ri yo‘ldan yetaklashga bor bilim va salohiyatlarini safarbar etmoqdalar.
TO‘RTINCHI TASHABBUS
Yoshlarni kitob va kitobxonlikka jalb etish borasida ham Chortoq tumanida xayrli ishlar amalga oshi­rilmoqda. Jumladan, tumandagi umumta’lim maktablari, axborot resurs markazlariga tashabbusdan keyin 16802 turdagi 140 million so‘m mablag‘ hisobiga 2108 ta audiokitoblar, elektron adabiyotlar taqdim etildi. Ayni paytda 37845 nafar o‘quv­chi-yoshlar tumandagi axborot resurs markazlari va maktab kutubxonalarida ulardan bahramand bo‘lmoqdalar.
Shoir va yozuvchilar, ma’naviyat ahli bilan ijodiy uchrashuvlar­ning sinf xonasi va kutubxonalardan tashqari “Bibliobus”da ham tashkil qilinayotgani o‘quvchilarga bir olam zavqu bag‘ishlamoqda.
Ijodkorlar, turli soha vakillari bilan uchrashuv­lar yoshlarni yaxshilarga intilib kamol topishga undamoqda.
BESHINCHI TASHABBUS
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, tashabbuslarning har biri muhim va dolzarb. Xotin-qizlar bandligini ta’minlash ulardan beshinchisi etib belgilanganki, kelajagimiz egalari, ayniqsa, o‘sib kelayotgan qizlari­mizning ertaga hayotda, jamiyatda, oilada o‘z o‘rnini topishida ilm-ma’rifatli bo‘lish bilan birga o‘zlari qiziqqan kasb-hunarlarni mukammal egallashi muhim.
Ayni paytda Uychi tumanidagi 7 ta kasb-hunar kollejida tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqa­rish majmualarida 51 yo‘nalishda mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Ularga tumandagi maktablarning 3975 nafar 10-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etilgan bo‘lib, shundan 2023 nafarini qizlar tashkil etadi. O‘quv­chi qizlar mazkur majmualarda ustozlar ko‘magida oshpazlik, pazandachilik, sartaroshlik, tikuv­chilik, to‘quvchilik, zardo‘zlik, qan­dolatchilik kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunar sir-asrorlarini o‘rganmoqdalar.
Bugungi sa’y-harakatlar ertangi kelajakka mustahkam poydevor, ta’mal toshi bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz. Shunday ekan yoshlarni istiqbol sari yetaklayotgan besh tashabbus doirasidagi sa’y-harakatlar yanada keng quloch yozaveradi.

Isroil YUSUPOV