OLAMNI MUNAVVAR ETUVCHI XAZINA

Kitob insonning ma’naviyati, tafakkur olamini boyituvchi bebaho boylik, bitmas-tuganmas xazinadir. U barcha muvaffaqiyatlar asosi, insoniyat tafakkuri mahsuli bo‘lgan ixtirolar, kashfiyotlarning tamal toshidir. Shuning uchun ham uni dunyoning sakkizinchi mo‘jizasi va xazinasi deyish mumkin.
Prezidentimiz tomonidan kelajagimiz egalarining har jihatdan yetuk kamolini ko‘zlab kitob va kitobxonlik ravnaqiga har qachongidan yuksak e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog‘ida “Namanganni eng kitobxon viloyatiga aylantiramiz”, degan ezgu da’vati asosida kitob­xonlik borasidagi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar keng qamrov kasb etmoqda.
1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ham bu boradagi xayrli tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etdi. Xususan, Prezidentimizning yuqoridagi ezgu da’vatining amaliy ifodasi sifatida viloyatga sovg‘a qilingan 1 million dona badiiy adabiyotlarning dastlabki qismi bo‘lgan 46 nomdagi 202.000 dona badiiy adabiyotlarni viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga yetkazishga bag‘ishlangan kitobxonlik tadbiri tashkil etildi.
Namangan shahridagi 52-umumta’lim maktabi hamda 58-davlat ixtisos­lashtirilgan umuta’lim maktabida ham kitobxonlik tadbirlari yoshlarning ma’naviy kamoloti va istiqboliga e’tibor ifodasi sifatida zo‘r ko‘tarinkilik bilan tashkil etildi. Kitoblar bayramiga aylanib ketgan tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimining o‘rinbosari Paxriddin Matkarimov o‘g‘il-qizlarni Prezidentimiz tashabbusi bilan taqdim etilayotgan ma’naviyat javohirlaridan asrab-avaylagan holda foydalanib, ilmu tafakkur cho‘qqilarini egallashga chorladi.

Husanboy MUHITDINOV,
viloyat axborot-resurs markazi direktori