IJODKOR BOLALAR cho‘qqilarga intilmoqda

Xalq ta’limi vazirligi tashab­busi bilan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Ijodkor bolalar” festivalining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
O‘quvchilar­ning bo‘sh vaq­tini mazmunli tashkil etish, ular ongiga mehnatsevarlik­ni, kasb tayyorgarligining dastlabki o‘quv va ko‘nikmalarini singdirish, bolalarning ehtiyojlari va qiziqishlaridan kelib chiqib badiiy, texnik, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlariga oid ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan festivalda barcha tuman va shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlaridan jami 72 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.”Yog‘och o‘ymakorligi”, “Liboslar dizayni”, “Robototexnika”, “Avtomodel”, “Eko dizayn”, “Landshaft dizayn” kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan festival yakuniga ko‘ra “Yog‘och o‘ymakorligi” yo‘nalishi bo‘yicha Kosonsoy tumandagi 6-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quv­chisi Abdulloh Abdukarimov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Liboslar dizayni” yo‘nalishida 1-o‘rin Chust tumanidagi 64-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Mahliyo Ne’matjonovaga, “Robototexnika” yo‘nalishida Kosonsoy tumanidagi 5-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi A’zamxon Asralxonovga, “Avtomodel” yo‘na­lishida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 55-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Fayzullo Abdulazizovga, “Eko dizayn” yo‘nalishida Norin tumanidagi 14-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Mubinabonu Turg‘unboyevaga, “Landshaft dizayn” yo‘nalishida esa, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 36-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Mohimbonu Boratboyevaga nasib etdi. Shuningdek, festivalda faxrli o‘rinlar sohiblari ham aniqlanib, munosib taqdirlandi.
G‘oliblar festivalning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladilar.

O‘z muxbirimiz