Laylak keldi - yoz bo‘ldi

Laylak kelganda qishloq bolalari osmonga qarab, qarsak chalishib, “Laylak keldi - yoz bo‘ldi, qanoti - qog‘oz bo‘ldi”, deb qichqirib, yugirishadi. Laylak chindan ham ajoyib qush. Ayniqsa, u qanotlarini ikki tomonga yoyib yuqorilab, bo‘ynini orqaga qayrib turishi juda alomat-da.
Laylaklar uzun oyoqli qushlar turkumiga kiradi. O‘zbekistonda oq laylak va qora laylaklar uchraydi. Oq laylaklarning tumshug‘i va oyoqlari qizil, pati oq, qanot patlari qora bo‘ladi. Vazni 4 kg.gacha bo‘ladi.
Qora laylaklar oq laylaklarga qaraganda kichikroq bo‘ladi.
Laylaklar yalangliklarda, tog‘larda va aholi yashaydigan joylarda yashaydilar. Ular uyasini daraxtlarga, qoyalarga va minoralar ustiga quradilar. 3-4 dona tuxum qo‘yib, 24-30 kunda jo‘ja ochib chiqadi. Ular sichqon, toshbaqa, ilon va mayda baliqlar bilan oziqlanadi.
Laylaklarning boshqa qushlardan farqi shundaki, polaponlariga tuxumdan chiqishi bilan tumshug‘ida yem keltirib berishmaydi. Uyasining bir chetiga mo‘l qilib qusuq tashlaydi. Poloponlar o‘shandan yem o‘rnida oziqlanishadi. Bolalariga laylaklarchalik mehribon qush bo‘lmasa kerak. Kun sovuganda polaponlarini issiq bag‘rlariga bosishadi. Issiq kunlari tumshug‘i to‘la suv keltirib kichkintoylarini boshidan suv quyib cho‘miltirishadi.
Xalqimiz laylaklarni kut-baraka keltiradigan qush sifatida ardoqlaydi.
Qadimda dehqonlar orasida kimning ekin dalasi tepasidan laylak uchsa, o‘sha yili mo‘l hosil olishi kutilgan.

Malika DAVRANOVA.
Namangan viloyati tarixi va madaniyati Davlat muzeyi ilmiy xodimi