Nay navosi

Qishlog‘imiz nuroniylaridan bo‘lgan Saidali bobo yo‘lg‘iz yashaydilar. O‘rtog‘im Adham bilan kunda, kun ora uylariga borib, uy yumushlariga qarashaib turamiz. Men o‘tin yorsam, Adham chelaklarga to‘ldirib suv to‘ldirib beradi. Hovlini supurib chiqindilardan tozlaymiz. Saidali bobo: “Barakalla toychoqla­rim”, deya uzoq duo qiladilar. Ancha nuroniy yoshga yetib qolgan bo‘lsalar ham qamishdan nay yasaydilar, keyin uni shunday mahorat bilan chaladilarki, tinglasangiz vujudingiz titrab ketadi. Buni eshitib, bizga ham o‘rgating deb iltimos qilardik. Keyin bizga har kuni nay chalishni o‘rgatadigan bo‘ldilar. Bir necha kunda nay chalishni ham binoyiday o‘rganib oldim. Ammo do‘stim Adham buni hech uddasidan chiqolmadi. Bobo esa, har gal nayni qunt va alohida mehr bilan chalish kerakligini uqtirardilar. Adham boboning aytganlariday sabot bilan o‘rgana boshladi. Tez orada ikkimiz ham nay chalishga usta bo‘lib qoldik. Endi har kuni bobonikiga kelib, yumushlar tugagandan so‘ng nay chalish bo‘yicha musobaqalashadigan bo‘ldik.

To‘ xtaxon RAHIMOVA