Qanot yozayotgan iste’dodlar

"Ta’limga e’tibor, kelajakka e’tibordir”. Ana shu ezgu da’vatning ifodasi sifatida mamlakatimizda kelajagimiz egalarining har jihatdan yetuk kamol topishi uchun beqiyos imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ular­ning iqtidor va qobiliyatini yuzaga chiqarish, iste’dodlarni kashf etish va rag‘batlantirish tobora keng qamrov kasb etib bormoqda.
Viloyatimizdagi umumta’lim maktablarini joriy o‘quv yilida oltin va kumush medallar bilan tamomlagan o‘quvchilarni taqdirlashga bag‘ishlangan “Ilm va iste’dod cho‘qqilari sari” shiori ostidagi tantanali marosim ana shunday yuksak e’tibor namunasi sifatida o‘tdi.
Bu yil viloyatimizdagi umumta’lim maktablarini 21048 nafar o‘g‘il-qiz tamomladi. Ular orasida talantlar, iqtidorlar, iste’dodlar bisyor. Jumladan, muvaffaqiyat pillapoyalaridagi dadil odimlari natijasida ularning 313 nafari umuta’lim maktablarini oltin medalga, 308 nafari esa kumush medalga bitirdi.
Namangan Yoshlar markazida ana shunday iqtidorlarga medallar tantanali topshirish bilan birga, yaratib beri­layotgan qulaylik va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yuksak marralar, baland cho‘qqilarni ko‘zlab kelajak sari intilayotgan iste’dodlar, “Yil maktabi”, “Yil psixologi” kabi tanlovlarda yutuqlarni qo‘lga kiritgan ilm maskanlari, ustoz-muallimlar ham munosib taqdirlandi.
Tantanada shu yilning aprel oyida Toshkent shahrida Singapur Universiteti tomonidan o‘tkazilgan xalqaro matematika fani olimpiadasida faxr­li 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Chust tumanidagi 64-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quv­chisi Hamidulloxon Abdurahmonov, 23 - 27-may kunlari Belorussiyaning Mogilyov shahrida o‘tkazilgan “Zolotaya pchyolka” xalqaro tanlovida faxrli 2-o‘rinni egallagan Kosonsoy tumanidagi 9-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatining 9-sinf o‘quv­­chisi Olimaxon Tojiboyeva, 7 - 11-iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan fan olimpiadasining respublika bosqichida ona tili va adabi­yot fanidan g‘oliblik shohsupasini zabt etgan Kosonsoy tumanidagi 45-sonli maxsus maktab-internatning 11-sinf o‘quv­chisi Yodgor Zokirjonov, mazkur fan olimpiadasi­ning respublika bosqichida matematika fanidan faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan uning tengdoshi, shu maktabning 11-sinf o‘quv­chisi Jaloliddin Sirojiddinov kabi ko‘plab talantlar nomi faxr va iftixor bilan tilga olindi.
Viloyat va shahar hokimligi, turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ozod va obod yurtning ertangi kuni egalari sifatida qanot yozib, kelajak sari dadil parvozga chog‘langan bitiruvchilarga nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabalariga aylanishlarida omad va muvaffaqiyat tiladilar.
Bayramona shukuh va tantanavorlikka uyg‘un yangragan kuy-qo‘shiqlar, dilbaro raqslar qalbida, shuurida, vujudida shahdu shijoat, nigohlarida qat’iyat va ishonch porlab turgan iste’dodlar quvonchi, ota-ona­lar, ustozlar shukronasiga hamohang munosib qutlov bo‘ldi.
Vatanga munosib ulg‘ayib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ahd qilgan yoshlar shijoatida “Ertangi kun - biz­niki, marra - bizniki!” degan qat’iylik­ni ko‘rish mumkin. Demak, ularning parvozi baland bo‘lishi tayin!

Isroil YUSUPOV