CHO‘QQILARNI ZABT ETAYOTGAN ISTE’DODLAR

Ilmu iqtidor, tafakkur va zakovat sinovi bo‘lgan fan olimpiadalarining yakuniy Respublika bosiqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlabki bosqichlarda muvaffaqiyat qozongan mamlakatimizning barcha hududlaridan 611 nafar umumta’lim maktablari o‘quvchilari 18 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim, iqtidor va iste’dod borasida bahsga kirishdilar.
Natijalarga ko‘ra, jami 18 ta fandan 53 nafar o‘quvchi g‘olib deb topildi. Shundan 20 nafari 1-o‘ringa, 18 nafari 2-o‘ringa va 15 nafari 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Jamoalar hisobida esa Toshkent shahri 12 ta sovrinli o‘rin bilan 1-o‘rinni, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 5 ta o‘rin bilan 2-o‘rinni, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari 4 ta o‘rin bilan 3-o‘rinni egalladi.
Quvonarlisi, g‘oliblikka erishgan o‘quvchilar orasida Kosonsoy tumanidagi 45-sonli maxsus maktabning ham ikki nafar iste’dodli o‘quv­chisi bor.
Jumladan, mazkur maktabning 11-sinf o‘quvchisi Yodgor Zokirjo­nov ona tili va adabiyoti fanidan mutlaq g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, uning tengdoshi 11-sinf o‘quvchisi Jaloliddin Sirojiddinov matematika fanidan faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Sovrindorlar safidan o‘rin olgan viloyatimiz vakillariga muvaffaqiyatli marralar sari yanada dadil odimlashda omad va zafarlar tilaymiz.

Mardonbek ESONBOYEV