“KAMALAK”DA JILVALANGAN SHODON BOLALIK

Bugun serquyosh diyorimizda oltin yoz.
Butun borliq boboquyoshning zarrin shu’lalaridan yanada tarovatga to‘lgan ayni lahzalarda soya-salqin, so‘lim oromgohlar uzra bolajonlarning shodon o‘yin-kulgulari yangramoqda.
Yangiqo‘rg‘onning O‘ng‘or tog‘i etaklaridagi Toshloq tepaliklariga tu­tash “Kamalak” bolalar dam olish oromgohida ham bugun shunday jo‘shqin onlar hukmron. Oromgohda joriy yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida besh bosqichning har birida 400 nafardan, jami 2000 nafar o‘g‘il-qizlar­ning xordiq olishi rejalashtirilgan. Ayni lahzalarda “Kamalak”da 400 nafar o‘quvchi-yoshlar ikkinchi bosqichda miriqib xordiq chiqarmoqdalar. Har kuni “Iste’dodlarni izlaymiz”, “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!”, “Zakovat”, “Imkon shou” “Umid g‘unchalari” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar stol tennisi, shaxmat-shashka, futbol, voleybol va boshqa sport turlari bo‘yicha qizg‘in bahslar, musobaqalar bilan davom etmoqda.
- “Kamalak” menga juda ham yoqdi, - deydi Farg‘ona shahridagi 8-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Ildar Ismoilov. - Tog‘larga tutash salqin, orombaxsh va betakror oromgoh bizga zavqli onlarni tuhfa etmoqda. Har kunimiz qiziqar­li va mazmunli o‘yinlar, tomoshalarga boy. Kutubxona, kinoteatr, sport maydonlari bizning ixtiyorimizda. Umuman, zerikish nimaligini bilmayapmiz. Rasmlar tanlovi, mate­matika bo‘yicha zukkolik bahslarida munosib ishtirok etdim.
- Darhaqiqat, yigirmadan ziyod sport, fan va san’at to‘garaklari bilan uyg‘unlik kasb etgan xordiq onlarida zerikishga aslo fursat yo‘q, - deya orom­goh haqidagi taassurotlarini jo‘shib so‘zlayotgan bolalarning fikrlarini tasdiqlaydi oromgoh bosh yetakchisi Azimjon Razzoqov. - Yosh rassomlar, yosh kitobxon, yosh talantlar, bichish-tikish to‘garaklari o‘quvchilarning ham ma’naviyatini boyitmoqda, ham ularning kasbga bo‘lgan ishtiyoqini yuksaltir­moqda.
Ahamiyatlisi, “Kamalak”da tashkil etilayotgan har bir tadbir, musobaqa va bellashuv Prezidentimiz belgilab bergan besh tashabbus doirasidagi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan. Tashabbus ijrosi ro‘yobiga qaratilgan tadbirlarda bolajonlar o‘ynab-quvnamoqdalar, ham iste’dod va talantlarini yuksaltirmoqdalar.
“Kamalak”dagi quvnoq kulgular, qiziqarli o‘yinlar, zavqli tomoshalar, topqirlik va zukkolik bahsla­riga oshno shodon lahzalar ozod diyorimiz uzra baxtiyor bolalik tarannumi bo‘lib taralmoqda.

Maftuna REJABBOYEVA