NAMANGANDA AL-BERUNIY NOMIDAGI XALQARO MAKTAB OCHILDI

Namangan yoshlar markazida Al-Beruniy nomidagi xalqaro qizlar maktabining tantanali ochili­shiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti adminstratsiyasi, Namangan viloyati va shahar hokimligi, xalq ta’limi sohalari mutasaddilari, viloyatning barcha shahar va tumanlaridan ustoz-muallimlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Taqdimot jarayonida Al-Beruniy maktabi­ning imkoniyatlari, undagi o‘qitish va ta’limni tashkil etish jarayonlari, xorijiy tajriba va amaliyot bilan bog‘liq jihatlar, xalqaro hamkorlik, xususan, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar hamda ularning samaralari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Poytaxtdan keyin ikkinchi bo‘lib Namanganda tashkil etilayotgan Al-Beruniy nomidagi xalqaro qizlar maktabida darslarni xorijiy davlatlarda ta’lim olgan, malaka va tajriba o‘rgangan, katta salohiyatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar olib boradilar. Bundan tashqari, kitobxonlik ma’rifat dargohi faoliyatida muhim o‘ringa ega bo‘lib, bebaho xazina bo‘lgan kitob har bir o‘quvchining yonida yuradigan doimiy do‘stiga aylanadi. Darsdan tashqari mashg‘ulotlarda xoreografiya, san’at, madaniyat, notiqlik maho­rati kabi o‘nlab yo‘nalishlarning qamrab olingani esa yoshlarning ilmu iqtidorini yuzaga chiqarishga qanot bag‘ishlaydi.
Onlayn taqdimot, slayd tarzida namoyish etilgan ma’ruza va chiqishlar ishtirokchilarga Al-Beruniy nomli xalqaro maktab imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Namangan shahrida tashkil etilgan Al-Beruniy nomidagi xalqaro qizlar maktabiga joriy o‘quv yilida 1-sinfdan 11-sinfgacha jami 220 nafar qiz­larni qabul qilish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni payt­da iste’dodlar ilm maskaniga qabul jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.

Chamanoy REJABOYEVA