QIZG‘IN YOZ - QIZG‘IN ONLARGA BOY

Kelajagimiz egalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish barobarida iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish maqsadida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan besh tashabbus doirasidagi tadbirlar o‘g‘il-qizlarimizning yozgi ta’til onlariga jo‘shqinlik bag‘ishlamoqda.
Xususan, Pop tumanidagi G‘u­rumsaroy qishlog‘ida tumandagi barcha maktablarning 5 - 6-sinf o‘quv­chilari o‘rtasida futbol bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Unda 16-umumta’lim maktabi o‘quvchilari g‘oliblik shohsupasini zabt etdilar. 2- va 3-o‘rinlar 41- hamda 18-maktab jamoalariga nasib etdi.
Norin tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabidagi sun’iy qoplamali maydon kelajagimiz egalarini mini-futbol bo‘yicha musobaqaga chorladi. 124 nafar sportchi o‘quvchidan iborat 10 ta jamoa ishtirok etgan bahslar qizg‘in va murosasiz kechdi.
Natijalarga ko‘ra 1-umumta’lim maktabining yosh charm to‘p ustalari g‘olib bo‘ldilar. 40-maktab sportchilari 2-o‘rinni, 28-umumta’lim maktabi vakillari 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Tumandagi 43 maktabda esa stol tennisi bo‘yicha, 19-maktabda voleybol musobaqasi tashkil qilindi.
Uychi tumanidagi “Humo” bolalar oromgohi, Namangan shahridagi 12-sonli umumta’lim maktabi, Kosonsoydagi 3-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohida ham besh tashabbus asosidagi tadbirlar qizg‘in. Chortoq tumanida voleybol sport turi bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi va 1-o‘rinni Yangiqo‘rg‘on tumani, 2-o‘rinni Chortoq va Mingbuloq tumanlarida futbol, badiiy gimnastika, erkin kurash, stol tennisi, shaxmat-shashka va mini futbol, voleybol, velomarafon bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar ham farzand­larimizga unutilmas taassurotlar va zavqu shavq bag‘ishlash barobarida ularni mahorat bobida tob­ladi.
Viloyatning barcha hududlarida yuksak ko‘tarinkilik va uyushqoqlik bilan tashkil etilayotgan sport musoba­qalari, bellashuv va bahslarda g‘olib va sovrindorlar “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanmoqda.

Shavkatjon AHMEDOV,
“Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Namangan viloyati mintaqaviy bo‘limi rais o‘rinbosari