Taassurotlarga boy ta’til

Zavqli yoz kunlari boshlanishi bilan yoshlar oyligi doirasidagi bir-biridan qiziqarli tadbirlar, tanlovlar yanada keng ko‘lam kasb etdi. Viloyat bo‘ylab ta’lim maskanlarida, yozgi oromgohlarda, kutubxonalarda, sport inshootlarida o‘tkazilayotgan “Yozni “Kamalak” bilan”, “Yoshlar oqshomlari”, “Men va yoshlar ittifoqi”, “Yosh kitobxon” respublika tanlovining mahalliy bosqichlari, shuningdek, “Yosh fermerlar” savdo yarmarkalari, hokim va yoshlar uchrashuv­lari yoshlarga bir olam zavq ulashmoqda. Mazkur oylik doirasida minglab yoshlar o‘z iqtidor va iste’dodlarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyat Kengashi “Yoshlar oyligi” doirasida Pop tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism bilan hamkorlikda res­publikada birinchi bo‘lib, 20 nafar bolalarni yoz mavsumida maroqli dam olishlariga ko‘maklashish, ularni sog‘lom turmush-tarzi asosida tarbiyalash hamda ular qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida “Vatanparvarlar” bolalar yozgi harbiy sport-sog‘lomlash­tirish oromgohini tashkil etdi. Harbiy qism tomonidan bolalar uchun orom­gohda noan’anaviy dastur ishlab chiqilib, dam oluvchilar harbiylarning qiziqarli va ayni paytda mashaqqatli faoliyati bilan tanishtirib borildi. Qolaversa, turli interaktiv o‘yinlar, ko‘ngilochar dasturlar ham bolalarda iliq taassu­rot qoldirdi.
Yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilgan har bir tadbir va tanlov chinakam qobiliyatlarni saralash bilan birga, jajji qalb egalariga oltin yozning unutilmas lahzalarini tuhfa etdi.

Shohruh KENJAYEV,
Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi matbuot xizmati rahbari