Buyuk kelajak sari

Yoshlar kamoli va istiqboliga e’tibor, ularning intellektual qobiliyati va salohiyatini yuzaga chiqarish, iste’dodlarga yuksak marralarni zabt etishlari uchun qanot baxsh etish maqsadida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident maktablariga qabul imtixonlarining birinchi bosqichi qizg‘in o‘tdi.
Namangan viloyatida Prezident maktabiga barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qiyotgan 7742 nafar o‘quvchi hujjat topshirdi. 5-sinfdan 10-sinfgacha 2 tadan jami bo‘lib, 12 ta sinf ochiladi hamda ularga imtixonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan eng bilimli, eng iqtidorli va qobiliyatli 144 o‘quvchi qabul qilinadi.
2019-yilning 29-iyun kuni Namangan shahri markazidagi “Barkamol avlod” majmuasida Prezident maktabiga qabul imtixonlari boshlandi. Jarayonlar yuksak tashkiliy tayyorgarlik bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘quvchilar uchun barcha qulaylik va imkoniyalar yaratildi. Eslatib o‘tamiz, imtixonlar ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi. Birinchi bosqichda o‘quvchilar matematika fanidan 30 tadan test savollari­ga javob beradilar. Belgilangan vazifani bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi.
Imtixon jarayonlarini O‘zbekiston Res­publikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda Kem­bridj universiteti vakillari kuza­tib bordilar. Ota-onalar va ustozlariga yoshlarning test sinovlari jarayonidagi ishtirokini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratib berildi. Bu holislik, haqqoniylik va qabul jarayonlarining shaffof va adolatli o‘tayotganining yorqin ifodasidir.
Qabul imtixonlarining dastlabki bosqichi matematika fanidan test sinovlari 29-iyundan 2-iyulgacha bo‘lib o‘tdi. Talabgorlar g‘oyat ko‘p bo‘lgani uchun raqobat juda ham kuchli.
Munosiblar ichidan munosibligini ko‘rsatib, birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar 22 – 24-iyul kunlari navbatdagi imtixonda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadilar. Ikkinchi bosqich sinolvlari mantiqiy fikrlash, axborot tahlil qilish hamda ingliz tili bo‘yicha o‘tkaziladi.

Mardonbek ESONBOYEV