OBOD YURTNING KO‘RKAM ILM MASKANLARI

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” Dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida yurtimizning barcha shaharu qishloqlari ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanib bormoqda.
Qad rostlayotgan yangidan-yangi inshootlar, zamonaviy va ko‘rkam majmualar, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari xalqimiz turmush farovonligi yuksalishiga xizmat qilmoqda.
“Obod markaz” davlat Dasturi doirasidagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida bugun Namangan tumani markazi ham tanib bo‘lmas darajada zamonaviy va ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Keng va ravon yo‘llar, shinam maskanlar tuman tarovatiga taraqqiyot asriga xos tarovat baxsh etdi.
Taraqqiyot asri ilm maskani sifatida yangidan bunyod etilgan 32-umumta’lim maktabi binosi ham Dastur doirasidagi amaliy ishlarning yorqin ifo­dasi bo‘lib, “Ta’limga e’tibor - kelajakka e’tibor”, degan ezgu e’tirofni o‘zida mujassam etgan. Keng va yorug‘ xonalar yoshlarni “Ertangi kun - bizniki, marra - bizniki!”, deya kelajak sari har qachongidan shahdu shijoat bilan odimlashga undaydi.
Barkamollik faqat fanlarni yaxshi o‘qish, mukammal o‘zlashtirishdangina iborat emas, u ma’naviy yetuklikni, qolaversa, zamon talablari darajasida turli kasbu hunar sir-asrorlarini o‘rga­nib borishni ham taqozo etadi. Buning uchun ham maktabda barcha imkoniyatlar muhayyo. Davlat dasturi doirasida 2 milliard 292 million so‘m byudjet mablag‘lari hisobiga qad rostlagan maktabdagi 7121 ta kitob fondiga ega bo‘lgan zamonaviy kutub­xona, tikuvchilik, duradgorlik, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha mashg‘ulotlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgani Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning amaliy ijrosiga yorqin dalildir.
Obod yurtning ko‘rkam va muhta­sham ilm maskani sifatida foydalanishga topshirilgan o‘quv muassasasi yangi o‘quv yilida 1 - 5-sinf o‘quvchilarini o‘z bag‘riga oladi.

Maftuna REJABBOYEVA