OLIMP CHO‘QQILARIGA YO‘L

6-iyul - “Xalqaro olimpiya kuni” butun yurtimiz bo‘ylab nishonlandi. Sana munosabati bilan “Xalq sayli” umummilliy sport musobaqalari doirasida uyush­tirilgan sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, musobaqlari va bellashuv­lar “Tokio sari yo‘l” shiori ostida o‘tdi.
“Xalq sayli” umummilliy sport musobaqalarida viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari ham faol ishtirok etdilar. 8 - 10-sinf o‘quvchilari volleybol bahslarida nimalarga qodir ekanliklarini namoyon etgan bo‘lsa, 5 - 6-sinf o‘quv­chilari o‘rtasidagi futbol musobaqalari qizg‘in bellashuv­larga aylanib ketdi. Olimpiya kuni doirasidagi tadbirlar 50 metrga yugurish, shaxmat-shashka, turnikda tortinish, boks, suzish, stol tennisi kabi bahslarga ulanib ketdi.
Olimp cho‘qqilari sari yo‘l bo‘lajak yulduzlar uchun sport hayot mazmuniga aylangan lahzalardan boshlanadi. Yurtimizda yoshlar hayoti va kamoliga qaratilgan e’tibor samarasida sport rivoji uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlar buni his etgan holda musobaqalarda epchillik, chaqqonlik, tezkorlik borasida tobora toblanib borayotganliklarini namoyon etdilar.
Natijalar shohsupa sari odimlar va mahorat sinovlarida yana bir karra ifodasini ko‘rsatdi. Kuchlilar ichida eng kuchli, munosiblar ichra munosib ekanligi bilan e’tirof qozongan yoshlar g‘oliblik nashidasini surdilar. Ular viloyat xaql ta’limi boshqarmasi, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati, umumta’lim maktab­lari va boshqa hamkor tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
“Uch favvora” xiyobonida “Xalqaro olimpiya kuni”ga bag‘ishlab tashkil etilgan “Xalq sayli” umummilliy sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan gala konsert katta tantanaga aylanib ketdi. Unda munosib ishtiroki bilan qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanganlar qatorida “Eng yaxshi umumta’lim maktabi” nominatsiyasi bo‘yicha ham g‘olib­larga qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshirildi. O‘quvchi-yoshlar nafaqat sport borasida iqtidorli, qobiliyatli va kuchli ekanliklarini namoyon etdilar, balki ular ijrosidagi betakror chiqishlar ham bayram ishtirokchilariga olam-olam zavqu shavq ulashdi.

Shavkatjon AHMEDOV,
“Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Namangan viloyati mintaqaviy bo‘limi raisi o‘rinbosari