YOSHLAR KAMOLI VA XORIJIY TILLAR

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Jahon banki hamda USAID tashkilotining moliyaviy ko‘magida “O‘quvchilarning ing­liz tilini bilish darajasini aniqlashda kompyu­terlashtirilgan baholash tizimi”ni joriy qilish va amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llashga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy ijrochisi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi bo‘lib, uni amalga oshi­rish uchun dastavval Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari tajriba-sinov sifatida tanlab olingan.
Loyihani amalga oshirish uchun katta salohiyat va yuksak tajribaga ega bo‘lgan xalqaro mutaxassislar jalb etilgan. Xususan, bu borada Amerikaning “Djordjiya” (“The University of Georgiya”) universiteti professori Devid Kieza ish olib bormoqda.
Loyiha tashkilotchilari tomonidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ko‘magida Namangan shahridagi o‘quvchilarning kompyu­terlashtirilgan baholash tizimi asosida ingliz tilini bilish darajasi sinovdan o‘tkazildi. Unga shahardagi umumta’lim maktablari 6-sinf o‘quvchilaridan 30 nafari, 9- hamda 11-sinf o‘quvchilaridan ham shunchadan, jami 90 nafar o‘quvchi qamrab olindi.
Test savollariga javoblar shu jarayonning o‘zidayoq maxsus datur asosida vazirlik ta­shabbusi bilan ish olib borayotgan markazga taqdim etilib, baholanadi.
Jarayon o‘quvchilarning tinglab tushu­nish; o‘qish; yozma nutq; og‘zaki nutq kabi to‘rt yo‘nalishdagi ko‘nikmalarini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, test sinovlarida hozircha 6-, 9- hamda 11-sinf o‘quvchilarining bilimlar darajasi zamonaviy kompyuterlashtirilgan tizimda baholanadi. Natijalardan kelib chiqib, istiqbolda test savollari yanada mukammallashtirib boriladi hamda 1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 7-, 8-, 10-sinflar uchun ham shunday test savollari yaratilib, ularning bilimlari taraqqiyot asri talablari darajasida zamonaviy usulda komp­yuterlashtirilgan tizim asosida baholanadi.
Bu esa, ta’lim va taraqqiyot jarayonlariga hamohang kelajagimiz egalariga baland marralarni zabt etish, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini egallash uchun tobora keng imkoniyatlar yaratib berilayotganidan dalolatdir.

Muhammadjon NASRITDINOV,
VXTBda ingliz tili fani uslubchisi