KAMALAKDAGI ZAVQLI TADBIRLAR

O‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, iqtidor va iste’dot sohiblarini rag‘batlantirish, yoshlarda bilim egallash ishtiyo­qini oshirishga qaratilgan davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan besh asosiy tashabbus bugun joylarda o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, Yangiqo‘rg‘on tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi tashabbusi bilan “Kamalak” bolalar dam olish oromgohida o‘tkazilgan tadbir ham yuqoridagi fikrimizning dalilidir.
Sport, madaniyat, kitobxonlik, qizlarning bandligi hamda axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda faol o‘quvchilar o‘z chiqishlari bilan ishtirok etgan tadbirda yuzdan ortiq intellektual salohiyat egalari ishtirok etdilar. O‘g‘il-qizlar besh tashabbusga bag‘ishlangan she’r, qo‘shiq hamda raqslari bilan mehmonlarni xushnud etdilar. Ayniqsa, “Antiqa kelishuv” shiori ostidagi sahna ko‘rinishi barchani yaxshi kayfiyatga oshno etdi.
2 yildan buyon markazimizdagi “Avia-raketa model” to‘garagiga qatnashaman. Shu bilan birga barcha tadbirlarga faol qatnashaman. Bu galgi tadbirda men qo‘shiq ijro etdim, - deydi Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 49-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Muhammaddi­yor Ilhomjonov.
Tadbir so‘ngida viloyat hamda respublikada yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgan o‘quvchilarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Matlubabonu UMAROVA,
“Yosh jurnalist va notiq “ to‘garagi rahbari