YoSh TEXNIKLAR KO‘RGAZMASI

O‘quvchi-yoshlardagi iqtidor, izlanish va iste’dod ularni yangidan-yangi ixtirolar yaratishga, innovatsion tashabbuslarga undamoqda. Buning ifodasini “Barkamol avlod” bolalar markazlarida o‘z bilim va iqtidorini oshirayotgan yoshlarning mahoratida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Namangan shahar “Barkamol avlod” bolalar markazida viloyatdagi barcha shahar va tumanlardagi “Barkamol avlod” bolalar markazlarida texnik ijodkorlik yo‘nalishi sir-asrorlarini o‘rganayotgan o‘quvchilarning izlanishlari namoyishiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazmada kelajagimiz egalari yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor, ularga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning yorqin ifodasi sifatida innovatsion loyihalar va tashabbuslar sari astoydil intilayotganliklarini o‘zlari yaratgan texnik ishlanmalar va ixtirolar orqali namoyon etdilar.
Ular tomonidan yaratilgan avtokonstruktorlar, turli xil mashinalarning maketlari, 3D ishlanmalari, avia-raketa modellar o‘ziga xos funksiyalarni bajarishi va harakatlanishi bilan barchaning diqqatini o‘ziga jalb etdi.
Ko‘rgazma jarayonlarini o‘quvchi-yoshlar, ular­ning ustoz-muallimlari, ota-onalar bilan birgalikda Kembridj universiteti vakillari Pol Kramp va Anita Pegan ham kuzatdilar. Yosh iste’dodlar taqdim etgan ixtirolar va ishlanmalar ularda katta taassurot qoldirdi.

Isroil YUSUPOV