ISTE’DODLAR PARVOZI

Axborot texnologiyalari jadal suratlar bilan takomillashib borgani sari kelajak egalarining ilm-fan sohalarida erishayotgan yutuqlari ham shunga monand o‘sib bormoqda. Xususan, innovatsion texnologiyalar, axborot kommunikatsiyalari bo‘yicha qo‘lga kiritilayotgan natijalar kishini quvontiradi. Yaqindagina poytaxtimizda o‘tkazilgan “Ijodkor bolalar” festivalining respublika bosqichida mamlakatimizning barcha hududlaridan jami 84 nafar o‘quvchi-yoshlar “Yog‘och o‘ymakorligi”, “Liboslar dizayni”, “Robototexnika”, “Avtomodel”, “Ekodizayn”, “Landshaft dizayni” singari bir-biridan qiziqar­li 6 ta yo‘nalishda mahoratlarini namoyish etdilar. Tanlovning ahamiyatli jihati ishtirokchilar faqatgina o‘z qo‘llari bilan yaratgan ijodiy ishlari bilan ishtirok etdilar. Bunda ularning fikrlash qobiliyati, innovatsion hamda yaratuvchanlik salohiyati, texnika asriga xos izlanish va ishtiyoqlari ham namoyon bo‘ldi. Bellashuv yakunida viloyatimiz vakillari Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 36-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quv­chisi Mohimbonu Barotboyeva “Landshaft dizayni ” yo‘nalishida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Chust tumanidagi 64-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Mahliyo Ne’matjonova “Liboslar dizayni” bo‘yicha 3-o‘ringa loyiq topildi.
Shuningdek, “Barkamol avlod” respublika texnik-ijodiyot markazining “Robototexnika, radiotexnika, elektronika va aloqa” respublika sirtqi tanlovining “Radiotexnika” yo‘nalishi bo‘yicha Norin tumanidagi 2-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Mirjalol O‘rinboyev g‘oliblikni qo‘lga kiritib, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ana shunday zafarlar og‘ushida kamol topayotgan yoshlarimizning intilishlari, izlanishlari hamda g‘alabalari bardavom bo‘lsin.

Chamanoy ISROILOVA