TARAQQIYOT ASRI ILM MASKANLARI

Kelajak - bugundan boshlanadi. Uni barpo etish ko‘p jihatdan har tomonlama yetuk, ilm-ma’rifatli, salohiyatli yoshlar kamoliga bog‘liq. Shuning uchun ham mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilib, ularga beqiyos imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Buning ifodasini viloyatimiz ilm maskanlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida ham ko‘rish mumkin. Birgina misol, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4067-son qaroriga asosan viloyati­mizdagi 45 ta umumta’lim maktabini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun jami 74 mlrd. 544 mln. 500 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur inshootlarda, shuningdek, bunga qo‘shimcha, 13 ta hamda “Obod qishloq” dasturidagi 30 ta, “Obod mahalla” dasturidagi 1ta va hokimlik tomonidan tavsiya etilgan 1 ta maktabda ham bunyodkorlik ishlariga jadal kirishildi.
Natijada 9 ta obyektda loyihadagi ishlar yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Kosonsoy tumanidagi 2-, 11-, 40- hamda 49-sonli, Mingbuloq tumanidagi 1- va 6-sonli, Norindagi 42-, Popdagi 33-, To‘raqo‘rg‘ondagi 32-, 34-, 53-sonli, Uychidagi 11-, 19-sonli, Chortoqdagi 39-, Chustdagi 36-sonli hamda Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 14-sonli maktablar shular jumlasidan. Qurilish-ta’mirlash ishlari muddatidan oldin bajarilib, foydalanishga topshirilgan mazkur maskanlarning ko‘rkam va zamonaviy qiyofasi ko‘zni quvnatadi.
“Obod qishloq” dasturi asosidagi ishlar ham jadal ketmoqda. Raqamlar bilan ifodalaydigan bo‘lsak, viloyatdagi 35 ta umumta’lim maktabi mazkur dasturga kiritilgan bo‘lib, yuqoridagi investitsiya dasturi asosida 30 ta umumta’lim maktabida Rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bunyodkorlik va kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 5 ta muassasaning, mahalliy byudjet hisobidan bajarilishi rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari yakunlanmoqda.
Shuningdek, “Obod markaz” dasturi asosida tobora keng ko‘lam kasb etayotgan sa’y-harakatlar ham tumanlar markazlarini tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirish barobarida, ilm maskanlariga ham taraqqiyot asriga xos va mos salobat, tarovat bag‘ishlamoqda. Dastur loyihasiga ko‘ra viloyatimiz tumanlari markazlarida joylashgan 27 ta ta’lim muassasasi, jumladan, 24 ta umumta’lim maktabi, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi va 3 ta xalq ta’limi bo‘limi binosida ayni paytga qadar 34,5 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshirildi. Barcha inshootlarda bunyodkorlik ishlarini joriy yilning avgust oyida yakunlash belgilangan. Demak, bunyod­korlik va yangilanishlar samarasi sifatida ular yangi o‘quv yilida kelajagimiz egalarini chinakamiga taraqqiyot asri ilm maskanlari sifatida quchoq ochib kutib oladi.

G‘olibjon ASRAQULOV,
VXTB bo‘lim boshlig‘i