MUVAFFAQIYAT ODIMLARI

Mavluda Mahmudova Na­man­gan shahridagi 26-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quv­chisi. Endigina 9 yoshni qarshilagan bo‘lishiga qaramay, juda ko‘p muvaffaqiyatlarga erishgan qahramonimiz shashka bo‘yicha qator jahon hamda res­publika tanlovlari ishtirokchisi. Aql gimnastikasi bilan bolalikdanoq muntazam shug‘ullangani samarasida Mavluda bir nechta oltin hamda kumush medallarini qo‘lga kiritdi. Yaqindagina Toshkentda o‘tkazilgan 8-11 yoshli o‘g‘il-qiz­lar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ham faol ishtirok etib, turk shashka, klassik yo‘na­lish, blits hamda ra­pid yo‘na­lishlarida raqib­lari bilan munosib bahslar olib bordi. 300 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etgan chempionatda jajji sportchimiz 2 ta oltin hamda 2 ta kumush medallarini qo‘lga kiritib, ustozlari va yaqinlarining ishonchini oqladi. Navbatdagi musoba­qa esa avgust oyida Bolgariyada o‘tkaziladi. Hozirda Mavluda mazkur jahon chempionatiga hozirlik ko‘rmoqda.

Yorqinoy ISMONOVA